NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya Ukrainada yadro qurolidan foydalanadi, deb o‘ylamaydi. Bu haqda u Turkiyaning NTV telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
“Rossiyaning Ukrainada yadro qurolidan foydalanish xavfi kam, ammo oqibatlari nihoyatda katta bo‘ladi, shuning uchun biz bunga juda jiddiy qaraymiz”, — dedi bosh kotib.
Stoltenbergning aytishicha, Rossiya o‘zini mas’uliyatsiz va beparvo tutmoqda. Shuningdek, u yadro qurolidan foydalanish mojaroning mohiyatini o‘zgartirishini ta’kidladi. “Yadro urushida g‘oliblar bo‘lmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi bosh kotib.
Yadroviy bomba atrofidagi mojaro
Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya prezidenti Vladimir Putin yadro qurolidan foydalanish ehtimoliga ishora qilmoqda. Sentabr oyida u bu bayonotlar “po‘pisa emas”ligini ta’kidladi. Biroq oktabr oyi oxirida u Rossiyaning Ukrainaga yadroviy zarba berishidan “hech qanday ma’no yo‘q”ligini aytdi.
New York Times gazetasining yozishicha, oktabr oyida Rossiya harbiy rahbariyati Ukrainada taktik yadro qurolidan foydalanish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazgan.
Oktabr oyida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy va boshqa davlatlarga Ukraina go‘yoki “iflos bomba” yordamida provokatsiya tayyorlayotgani haqida xabar qildi. Keyinchalik MAGATE Rossiyaning bunday bomba ishlab chiqilayotgan bo‘lishi mumkin, deb ko‘rsatgan Ukraina obyektlarini tekshirdi — agentlik rossiyalik harbiylarning da’volarini tasdiqlaydigan hech qanday dalil topmadi.
Izoh (0)