O‘zbekistonda mavjud 10 mingtadan ortiq maktabdan uch mingga yaqinida oshxona mavjud emas. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov bugun (25-oktabr) bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida ma’lum qildi.
Baxtiyor Saidovning ta’kidlashicha, barcha maktablardagi sharoitlarni bir xil darajaga olib chiqish rejalashtirilgan.
“O‘zbekistonda 10 ming 100 ga yaqin maktablar mavjud bo‘lib, ularda 5 million 200 ming nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Hozirda 3000 taga yaqin maktabda oshxona mavjud emas. Milliy dasturimizga muvofiq, kelgusi 5 yil ichida 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratish bilan birga, barcha maktablardagi sharoitlarni bir xil standartga olib kelishni belgilab olganmiz.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinflarni bepul, ya’ni davlat hisobidan ovqatlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik bu tizim boshqa viloyatlarda ham joriy etiladi. Qolaversa, barcha maktablarda oshxonalarni barpo qilish va autsorsing tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan”, – dedi vazir.
Avvalroq O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining qariyb 30 foizida (1 ming 200 ga yaqin) idish-tovoqlarni yuvishga sharoit yo‘qligi uchun tog‘oralardan foydalanilishi xabar qilingandi.
Izoh (0)