Xorazm viloyati Urganch tumanida hokim o‘rinbosari va uning sherigi bo‘lgan mutaxassis ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Xorazm viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda viloyat “Chorvanasl” markazining Urganch tumani yetakchi mutaxassisi T.M. fuqaro N.ning fermer xo‘jaligiga tegishli 50 gektar yer maydonini hokimlik zaxirasiga qaytarib olib, keyinchalik uning nomiga yangi fermer xo‘jaligi tashkil etib, ushbu yer maydonini qayta rasmiylashtirib berish evaziga 80 ming dollar talab qilib, shundan 60 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
T.M.ning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda Urganch tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari R.A. fuqaro N.nomiga fermer xo‘jaligi tashkil qilish va yer maydoni ajratib berish masalasini hal qilib berish evaziga o‘z xonadonida mutaxassis T.M.dan 43 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)