Pul yuvishga qarshi moliyaviy chora-tadbirlar guruhi (FATF) Pokistonni terrorizmni moliyalashtirishda gumon qilingan davlatlar “kulrang ro‘yxati”dan chiqardi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
FATF ma’lumotlariga ko‘ra, Pokiston jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashning “samaradorligini oshirdi”, shuningdek, harakatlar rejasini amalga oshirish natijasida texnik kamchiliklarni yopdi.
Pokiston 2018-yildan beri FATF monitoring ro‘yxatida edi. O‘sha yili tashkilot mamlakat hukumati bilan birgalikda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha 27 banddan va 2021-yilda yana 7 banddan iborat chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi.
2022-yil sentabr oyida FATF rejaning borishini ko‘rib chiqish uchun Pokistonga ekspertlar guruhini yubordi. Amaldagi qaror audit natijalariga ko‘ra qabul qilindi.
Pokistonning “kulrang ro‘yxat”dan chiqarilishi, joriy yilda 40 milliard dollarga yaqin zarar keltirgan halokatli suv toshqinlaridan keyin mamlakat uchun juda zarur bo‘lgan xorijiy moliyalashtirishni osonlashtiradi.
Avvalroq suv toshqinlari oqibatida Pokiston O‘zbekistondan katta miqdorda piyoz sotib ola boshlagani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)