AQSH prezidenti Jo Bayden Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass iste’foga chiqqanidan keyin ham Vashington Britaniya bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini aytdi.
“Bosh vazir Liz Trassga hamkorligi uchun minnatdorlik bildiraman”, — deb yozdi Bayden Twitter’da.
“Buyuk Britaniya hukumati bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz va mamlakatlarimiz duch keladigan global muammolarga qarshi birga kurashamiz”, — deya qo‘shimcha qilgan AQSH prezidenti.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Buyuk Britaniya qisqa fursatda siyosiy barqarorlikni tiklay olishiga umid bildirdi.
“Men Buyuk Britaniya imkon qadar tezroq barqarorlik topib, oldinga yurishda davom etishini istardim”, — dedi Fransiya rahbari Bryusseldagi YI sammitida.
20-oktabr kuni Trass Konservativlar partiyasi rahbari lavozimidan iste’foga chiqishini e’lon qildi, bu esa uning bosh vazir lavozimidan ketishini anglatadi. Trassning so‘zlariga ko‘ra, konservatorlarning yangi yetakchisini saylash kelasi hafta oxirida bo‘lib o‘tadi. Keyinroq Britaniya Konservatorlari partiyasining Jamoatlar palatasida yetakchilari saylovlar 28-oktabrgacha bo‘lib o‘tishini ta’kidladi.
Izoh (0)