Telegram kanallarda Lacetti rusumli, davlat raqami 01 978 LGA bo‘lgan avtomashina o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘yib, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etib harakatlangani aks etgan vedio tarqalgandi. Toshkent shahri Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.
YHXB xodimlari holat yuzasidan surishtiruv olib borganda huquqbuzarlikni haydovchi B.K. tomonidan sodir etilgani aniqlanib, qoidabuzar haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-prim 5-moddasining 2-bandi (bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, haydovchi bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.
Video e’lon qilingach, haydovchi Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimi ekani haqida ham xabarlar tarqaldi. Holatga xizmat rasmiy munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu avtomobil rahbar o‘rinbosariga biriktirilgan bo‘lib, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda haydovchi oila a’zolaridan birining sog‘ligi yomonligi tufayli avtomobilni tez boshqargan va bu harakati bilan boshqa avtomobil harakatiga halaqit bergani uchun o‘sha vaqtning o‘zida uzr so‘ragan.
Ayni vaqtda YHXB tomonidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilgan. O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbariyati tomonidan ushbu holat bo‘yicha haydovchi bilan tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi, — deyiladi munosabatda.
Izoh (0)