Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva 14-oktabr kuni “Better Cotton Initiative” (BCI) nodavlat-notijorat tashkiloti menejeri Reychel Bekket bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilingani, bu undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozoriga chiqish imkoniyatini yanada kengaytirgani alohida ta’kidlandi.
Konstruktiv va amaliy jihatlarni qamrab olgan muloqot davomida O‘zbekiston va “Better Cotton Initiative” o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston paxta klasterlariga xalqaro standartlarni joriy etish, ularni tegishlicha litsenziyalashtirish hamda eng birinchilar qatorida mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarida kuzatuvchanlik tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, tomonlar BCIning Toshkentdagi vakolatxonasini tez kunlarda ta’sis etilishi yuzasidan kelishib oldi.
Ma’lumot o‘rnida, BCI “paxta dalasidan sotuvgacha” bo‘lgan butun ishlab chiqarish jarayonini sertifikatlash bilan shug‘ullanadi. Tashkilotning mingdan ortiq a’zosi mavjud bo‘lib, ular qatoriga H&M, Gap, IKEA, Levi Strauss, Zara, Hugo Boss, Adidas, Puma kabi 80 dan ziyod dunyoning eng yirik brendlari ham kiradi.
Izoh (0)