Qamchiq dovonida Volvo yuk mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, 5 va 8 tonnalik Isuzu yuk mashinalari bilan to‘qnashdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 11-oktabr kuni soat 05:45 da A-373 Toshkent—O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni qismida Vodiy—Toshkent yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Volvo yuk mashinasi haydovchisi kutilmaganda boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va 5 hamda 8 tonnalik Isuzu yuk mashinalari bilan to‘qnashgan.
Yo‘l-transport hodissasi oqibatida 8 tonnalik Isuzu yuk mashinasida yong‘in kelib chiqqan.
Zudlik bilan voqea joyiga FVVining “Qamchiq” Maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari va YPX xodimlari yetib borgan. Qutqaruvchilar maxsus asbob-anjomlar va texnikalar yordamida yonayotgan mashinani soat 06:07 da o‘chirgan.
Hodisa oqibatlarini bartaraf etishga Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimiga kiruvchi tashkilotlar kuch-vositalari ham jalb etilgan.
Qutqaruvchilar tomonidan voqea joyida jabrlangan uch nafar yuk mashinalari haydovchilariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q