Namanganning “Navbahor” klubi Superliga 20-turi doirasida “Bunyodkor”ga qarshi kechgan o‘yinda 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi.
Bu mag‘lubiyatdan keyin “Navbahor”ning Superligada besh oy davom etgan mag‘lubiyatsiz seriyasi yakun topdi. Samvel Babayan qo‘l ostidagi jamoasi bunga qadar qatorasiga 14 o‘yinda yutqazmagandi (8 g‘alaba, 6 durang). Oxirgi marta “Navbahor” 26-aprel kuni Superliga 5-turi doirasida “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yinda (1:2) taslim etilgandi.
Shu tariqa “lochinlar”ning “Bunyodkor”ga qarshi safar o‘yinlaridagi g‘alabasiz seriyasi 17 ta o‘yinga yetdi. Shu vaqtga qadar 14 ta o‘yinda “qaldirg‘ochlar”ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 3 ta o‘yinda durang qayd etilgan.
Qayd etish kerak, “Navbahor” shu vaqtga qadar O‘zbekiston chempionati doirasida “Bunyodkor”ni Toshkentda mag‘lub eta olmagan.
Izoh (0)