Germaniya hukumati benzin, dizel va aviatsiya yoqilg‘isi yetkazib berishni ta’minlash uchun Rossiyaga tegishli uchta neftni qayta ishlash zavodini nazorat ostiga oldi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Germaniya Iqtisodiyot vazirligi 16-sentabrda Rossiya neft giganti “Rosneft”ning mamlakatdagi sho‘ba korxonalarini vaqtincha o‘z tasarrufiga olganini e’lon qildi.
Rosneft Deutschland va RN Refining & Marketing Germaniya neftni qayta ishlash quvvatining qariyb 12 foizini tashkil qiladi. Bu harakat energiya ta’minoti xavfsizligiga bo‘lgan tahdidga qarshi turish uchun ishlab chiqilgan, — deyiladi vazirlik bayonotida.
Fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush sabab Yevropa va Rossiya o‘rtasida energetik ziddiyat yuzaga keldi — mintaqaga neft va tabiiy gaz importi keskin kamaydi.
Germaniyaning gaz va elektr sanoatini tartibga soluvchi Federal tarmoq agentligi “Rosneft”ning uchta neftni qayta ishlash zavodidagi ulushlarini nazorat qiladi: Berlin yaqinidagi PCK Schwedt, Geydelberg yaqinidagi MiRo va Bavariyadagi Bayernoil.
Schwedt neftni qayta ishlash zavodi Germaniyaning energiya ehtiyojlari uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lib, kuniga 220 ming barrel xomashyoni qayta ishlaydi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, zavod Berlinni qariyb 90 foiz yoqilg‘isi bilan ta’minlash uchun javobgardir.
Rossiya “Drujba” quvuri orqali Schwedt neftni qayta ishlash zavodiga xom neft yetkazib beradi. Germaniya iqtisodiyot vazirligi muqobil eksport yo‘llarini topishga harakat qilmoqda.
Avvalroq Germaniya hukumati uchta yirik gaz kompaniyasini milliylashtirmoqchiligi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)