Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Andijon shahrida uch yulduzli mehmonxona qurgan tadbirkorga 2,5 milliard so‘m miqdorida subsidiya berildi. Bu haqda “Daryo”ga turizm va madaniy meros boshqarmasi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, prezidentning 2019-yil 5-yanvardagi “Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi “Mehmonxona xo‘jaligi faoliyatini yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan uch yulduzli toifa uchun 50 ta xonadan kam bo‘lmagan va to‘rt yulduzli toifa uchun 100 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega mehmonxona 2023-yil 31-dekabrgacha foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarining bir qismi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan.
Joriy yilning yanvar oyida Andijon shahar markazida foydalanishga topshirilgan barcha qulayliklarga ega bo‘lgan, 66 xonadan iborat uch yulduzli mehmonxonani qurgan tadbirkorga binoni qurish va jihozlash uchun sarflagan xarajatlarini qisman qoplash maqsadida Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan 2 milliard 640 million so‘m miqdorida davlat budjetidan subsidiya mablag‘i ajratildi.
Mehmonxona o‘ziga xos milliy va zamonaviy dizayn asosida Yevropa standartlariga mos ravishda jihozlangan. Mehmonxona bir vaqtning o‘zida 80 nafar mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Izoh (0)