Samarqand viloyati hokimining 12 nafar o‘rinbosaridan to‘rt nafari yangilandi. Bu haqda 5-avgust kuni hokimlik axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Sherbek Bo‘ronov Samarqand viloyati hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. Uning mutaxassisligi iqtisodchi. Deputatlik qilgan, Narpay hokimi lavozimida ishlagan. Hozirgacha mazkur lavozimda Feruz Abidov ishlab kelgan.
Navro‘z Rahmonov viloyat hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga qo‘yilgan. Bungacha Rahmonov viloyat hokimi o‘rinbosari kotibiyati mudiri edi. Yangi o‘rinbosardan avval mazkur lavozimda Akmal Shukurov ishlab kelgan.

Bugun Urgut tumani hokimi vazifasidan ozod etilgan Botir Jabborov Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshladi. Ushbu vazifada ishlagan Shunqor Xudoyberdiyev Payariq tumaniga hokim etib tayinlangan.
Shu bilan birga, viloyat hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i ham o‘zgardi. Ushbu lavozimga shu paytgacha O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi Savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan Xurshidbek Samiyev tayinlandi.
Avval Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, keyinchalik Respublika savdo-sanoat palatasi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Jamshid O‘roqov Samarqand viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasida ish boshladi.
Hozircha Samarqand viloyati hokimligi rasmiy saytida yangi tayinlangan hokim o‘rinbosarlari to‘g‘risida maʼlumot joylanmagan. Saytdagi maʼlumotlarga qaraganda, viloyat hokimining 12 nafar o‘rinbosari mavjud.
Izoh (0)