Toshkent shahrida 8 dona velosiped o‘g‘irlagan fuqaro 5 yil-u 1 oyga qamaldi. Bu haqda Oliy sudning Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Abidov xabar qildi.

Qayd etilishicha, muqaddam javobgarlikka tortilgan 23 yoshli erkak joriy yilning 27-may kuni soat 16:30 larda Mirobod tumani, Afrosiyob ko‘chasi hududida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining yo‘lagiga kirib, qarovsiz qoldirilgan, qiymati 7 622 808 so‘mlik velosipedni o‘g‘irlab ketgan.
Shundan so‘ng, ushbu shaxs 3-iyun kuniga qadar poytaxtning turli qismlarida yana 7 ta velosipedni o‘g‘irlagan. Olib qochilgan velosipedlarning jami qiymati 16 million so‘mdan yuqori bo‘lgan.
Fuqaro qo‘lga olingan bo‘lib, sud majlisi jarayonida u aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi. Shuningdek, u velosipedlarni nomaʼlum shaxslarga sotib, pulini shaxsiy ehtiyojlariga sarflaganini tan oldi.
Sudning hukmi bilan unga 5 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Toshkentda tashkilot idorasidan ichida 560 ming AQSH dollari bo‘lgan seyfni o‘marib ketgan 2 nafar shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)