Bugun, 5-avgust kuni Turkmanistonda BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha 3-konferensiyasi o‘tkazilmoqda. Anjuman doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Eng avvalo, energetika, transport va logistika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Amaliy hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ishlab chiqish uchun mazkur formatdagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi, deyiladi manbada.

Avvalroq BMT konferensiyasida xorijiy davlatlar va hukumatlari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, qator masalalarni muhokama qilgandi.
Anjumanda so‘zlagan nutqida prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda transport-logistika tarmoqlarini rivojlantirish masalasiga to‘xtaldi. Jumladan, O‘zbekiston dengiz kommunikatsiyalariga faqat bir necha davlatlar hududi orqali chiqishi mumkinligiga urg‘u berdi.
“Biz uchun deyarli uch ming kilometr masofada joylashgan portlardan geografik olislik bir qator obyektiv muammolarni vujudga keltirmoqda. Bular — yuqori tariflar, transport yo‘laklari va infratuzilmalarning o‘tkazish imkoniyati cheklangani, shuningdek, boshqa davlatlarning bojxona-tranzit siyosatiga bog‘liqlikda namoyon bo‘lmoqda”, degan davlat rahbari.

Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, transport xarajatlarining kattaligi va tranzit tizimining beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning ikki foizigacha yo‘qotmoqda. Logistika xarajatlari mahsulotlar umumiy narxida 60 foizgacha yetmoqda. Bu raqam jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan bir necha barobar yuqoridir.
“Shu bois, ishonchli yangi tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda”, deya taʼkidlagan prezident.
Nutqda O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston temiryo‘lini qurishni tezlashtirish, uni qurilayotgan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘l magistrali bilan bog‘lash muhimligi haqida ham so‘z borgan. Bu mintaqada yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyat yaratishi taʼkidlangan. Shuningdek, O‘rta yo‘lakni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilishi aytilgan.
Izoh (0)