Hindistonning Uttarkand shtatida 5-avgust kuni kuchli yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan sel kamida 4 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Suv yo‘lidagi ko‘plab uylarni yuvib ketdi. Bu haqda The Times of India xabar berdi.

Hodisa Uttarkand shtatining Uttarkashi tumanidagi Dharali qishlog‘ida, Khir Ganga daryosining yuqori oqimida yuz bergan. Aytilishicha, kuchli yomg‘ir sel oqimini yuzaga keltirgan. Tuman hokimi Prashant Aryaning so‘zlariga ko‘ra, to‘satdan kelgan sel hududda katta talafotlarga sabab bo‘lgan.
“Hududni kuchli sel bosib ketdi. Hozircha insonlar va mulklarga yetgan zarar miqdorini aniqlayapmiz”, degan u.
Qutqaruv ishlari uchun armiya, milliy va shtat miqyosidagi favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish guruhlari safarbar etilgan. Tez yordam jamoalari hamda yo‘l xo‘jaligi bo‘limi ham voqea joyida ishlamoqda.
Sel yuvib ketgan hududda bir nechta mehmonxona, restoran va turar joylar mavjud bo‘lib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning ayrimlari butunlay vayron bo‘lgan. Mahalliy aholi 10–12 nafar ishchi tuproq ostida qolib ketganini bildirgan. Bundan tashqari, yana 50 nafar odam bedarak yo‘qolgani qayd etilgan. Voqea joyidan olingan videolarda sel uy, do‘kon va yo‘llarni yuvib ketganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, 18 ta echki oqib ketgani aytilmoqda.
Favqulodda vaziyat bo‘yicha Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shah ham Uttarkand bosh vaziri Pushkar Singh Dhami bilan bog‘lanib, vaziyat bo‘yicha ma’lumot olgan. Hind—Xitoy chegara xizmati zudlik bilan voqea joyiga yuborilgan. Mahalliy ob-havo xizmatining ogohlantirishiga ko‘ra, Uttarkandda, ayniqsa tog‘li hududlarda 10-avgustgacha kuchli yomg‘irlar davom etadi. Hozirda Harsil va Bhatvari shaharlaridan qutqaruv jamoalari yetib kelgan va bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)