Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi direktorlar kengashi rahbari, birinchi ijrochi vitse-prezidenti Ravil Maganov Moskvada Prezident ishlari boshqarmasining Markaziy klinik kasalxonasi derazasidan tushib ketib, halok bo‘ldi, deb yozadi “RBK”.
Neft kompaniyasining 67 yoshli top-menejeri Markaziy klinik kasalxonasining olti qavatida joylashgan bo‘limda davolanayotgan edi.
Kasalxona Ravil Maganovning vafotini tasdiqlagan, hozircha tafsilotlarga aniqlik kiritmagan.
Mash Telegram-kanali xabariga ko‘ra, “Lukoyl” menejeri o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin. “RIA Novosti” manbasi ham shunday ehtimolni keltirgan.
Moskva huquq-tartibot organlari kasalxona derazasidan erkak kishi tushib ketgani va halok bo‘lganini tasdiqladi, ammo marhumning ism-sharifini oshkor etmadi.
“Lukoyl” xabar yuzasidan izoh berganicha yo‘q.
Ravil Maganov 1980-yillarda “Langepasneftegaz”da ishlagan. 1991-yilda “Lukoyl” tashkil qilingach, “Langepasneftegaz” uning tarkibiga kirgan. Maganov — “Lukoyl” kompaniyasi nomining muallifi. 1993-yildan u “Lukoyl” direktorlar kengashiga kirgan, 2020-yilda kengash rahbariga aylangan. 2006-yildan Maganov kompaniya birinchi ijrochi vitse-prezidenti lavozimini egallagan. U “Tatneft” bosh direktori Nail Maganovning akasi.
Izoh (0)