O‘zbekiston suv toshqinlari yuz bergan Pokistonga 1-sentabr kuni insonparvarlik yordami jo‘natdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pokistonga harbiy samolyot orqali oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan o‘simlik yog‘i, un, guruch, go‘sht konservalari, qandolat va makaron mahsulotlari, shuningdek to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa tovarlardan iborat qariyb 40 tonna yuk yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir necha hafta ichida Pokistonda misli ko‘rilmagan musson yomg‘irlari va suv toshqinlari 30 milliondan ortiq kishining kundalik hayotini izdan chiqargan. Mamlakatning g‘arbi va janubidagi Balujiston va Sind provinsiyalari eng ko‘p zarar ko‘rgan. Yuz minglab odamlar boshpanasiz qolgan.
Kuchli yomg‘ir va keng ko‘lamli toshqinlar oqibatida 1100 dan ortiq odam vafot etgan. Pokiston rasmiylariga ko‘ra, bu yil suv toshqinlari bilan bog‘liq vaziyat 2010-yilga qaraganda jiddiyroq, o‘sha yili tabiiy ofat oqibatida 1,7 ming kishi halok bo‘lgan.
Ayni paytda Pokiston turli davlatlardan xalqaro yordam olishni boshladi. Jumladan, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklaridan chodirlar va zarur mahsulotlar ortilgan samolyotlar yetib borgan.
Izoh (0)