Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida 3-avgust kuni odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, holat shu kuni soat 12:00 larda 4K-237 G‘allaorol—Qo‘ytosh avtomobil yo‘lining G‘allaorol tumani Ko‘kbuloq QFY hududidan o‘tgan 10-kilometrida yuz bergan. “Baxt” MFYda yashovchi shaxs (1986-yilda tug‘ilgan) Cobalt mashinasi bilan Qo‘ytosh yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotib, yo‘lning o‘ng tomonida velosiped boshqarib ketayotgan Chayonli qishlog‘ida yashovchi bola (2014-yilda tug‘ilgan) va uning singlisini (2016-yilda tug‘ilgan) urib yuborgan.
YTH oqibatida 8 yoshli bola og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. 6 yoshli singlisi esa chap chanoq yopiq sinishi, qorin bo‘shlig‘i shikasti tashxisi bilan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)