Ukraina prezidentining maslahatchisi Oleg Ustenkoning Financial Times nashriga aytishicha, mamlakatga byudjet taqchilligini qoplash uchun oylik 9 mlrd dollar moliyaviy yordam kerak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchilarning yetarli ko‘magisiz Ukrainaning omon qolishi “deyarli imkonsiz” bo‘ladi. Avvalroq Kiyev o‘z ehtiyojlarini 5 mlrd dollarga baholagan edi.
“Yaqin oylarda biz har oyda 5 mlrd dollar o‘rniga 9 mlrd dollar olishimiz kerak. Biz har qanday holatda ham omon qolishga harakat qilamiz, ammo ittifoqchilarimizning moliyaviy yordamisiz bu nafaqat qiyin, balki deyarli imkonsiz ham bo‘ladi”, — dedi Ustenko.
Iyun oyi oxirida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina tomoniga byudjet taqchilligini qoplash uchun oyiga 5 mlrd dollar yordam kerakligini aytgandi.
Kecha, 12 iyul kuni Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 1 mlrd yevro miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi.
Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal ham mamlakat ikki hafta ichida AQSHdan 3 mlrd dollar olgani haqida ma’lum qildi.
Avvalroq Germaniya Ukrainaga 9 mlrd yevrolik yordam paketi taqdim etilishiga to‘sqinlik qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)