Boks qiroli Muhammad Ali o‘z faoliyatining yuqori cho‘qqisiga erishganda duch kelgan holati haqida o‘ylasak, dunyo oxirgi 50 yilda qanchalik o‘zgarganini his qilamiz. Butun insoniyat tarixini olib qaraydigan bo‘lsak, bu voqeaga juda uzoq vaqt bo‘lmadi. Muhammad Ali AQSh qurolli kuchlari safida xizmat qilishdan bosh tortgan. Shu tariqa u Amerika armiyasi qatnashayotgan Vyetnam urushiga borishdan qutulib qolgan.
Jinoiy ish
AQShda 50—100 yil avval armiyaga bormaslik va urushda qatnashmaslik masalasiga juda jiddiy qaralar edi, hozir ham turli davlatlarda yosh yigitlarni qo‘rqitish ishlari davom etyapti. Kimlardir qo‘rquv tufayli armiyaga borishdan bosh tortishi mumkin, lekin Muhammad Ali bilan bunday holat kuzatilmagan. Unda boshqa motivlar bor edi. Hozir bu oddiy holdek tuyulishi mumkin, ammo 1967-yil 28-aprel kuni bu tizimga qarshi dastlabki qadam edi. Ali tavakkal qilib bu ishga qo‘l urdi va g‘alaba qozondi.Luiziana chaqiruv komissiyasiga kelib uni armiyaga olmasliklari uchun qo‘lidan kelgan barcha narsani qildi. AQSh prezidenti so‘ralgan joyga Uilyam Shekspir deb yozib, anketani noto‘g‘ri to‘ldirdi. Harbiy qasamyod qilish uchun safga turishdan ham bosh tortdi. Uni eski ismi — Kassius Kley deb chaqirishsa ham indamasdan turaverdi.
Armiyaga borishdan bosh tortgani uchun unga qarshi jinoiy ish ochildi va 1967-yil 19-iyunda sud bo‘lib o‘tdi. 25 yoshli bokschining sud qarshisida aytgan so‘zlari:
Men vyetnamliklar bilan urishganim yo‘q, ularga hech qanaqa qarshiligim yo‘q. Ular menga yomonlik qilmadi, “negr” deb atamadi, huquqlarimni cheklab qo‘ymadi. Meni qamoqqa yubormoqchimisiz — bemalol. Lekin bechora va baxtsiz insonlarni o‘ldirish uchun 10 ming kilometr yo‘l bosib u yerga bormayman. Yaxshisi qamoqda o‘tiraman va sizlar bilan jang qilib o‘laman. Aynan sizlar mening ozodligim yo‘lida to‘siq bo‘lib turibsiz, boshqalar bilan bir xil bo‘lishimni xohlamaysiz, mening diniy huquqlarimni hurmat qilmaysiz. Vyetnamliklar bilan esa hech qanaqa muammom yo‘q.Hakamlar hay’atiga bu so‘zlar ta’sir qilmadi va ular Alini aybdor deb topdi. 20-iyun kuni sud hukmi o‘qildi. Aliga 5 yillik qamoq jazosi berildi, undan tashqari 10 ming dollar jarima va AQShdan chiqib ketmasligi uchun pasporti ham olib qo‘yildi.Muhammad Ali
Muhammad Ali 1967-yil 28-aprelga qadar erishgan chempionlik kamarlaridan (WBA, WBC, The Ring) mahrum bo‘ldi. Bunga javoban: “Men kamarlar uchun ringda jang qilganman. Ular uyda yotibdi. Ularni faqatgina ringda yo‘qotishim mumkinligi haqida yozilgan”, — dedi Ali.
Bo‘lishi mumkin bo‘lganlarning eng yaxshisi
Muhammad qamoqqa olinmasligi uchun advokatlar ancha ter to‘kdi. Natijada Ali boshqa sabab bilan — haydovchilik guvohnomasida ko‘rsatilmagan kategoriyadagi mashina haydagani uchun 10 kun qamoqda o‘tirdi.
Apellyatsiya berish uchun o‘tgan bir necha yilda amerikaliklarning vyetnamliklarga nisbatan munosabati o‘zgardi, Ali vatan xoini emas, aksincha qahramonga aylandi. Shunda ham uni sotqin deydiganlar topilardi.
1967-yildan 1970-yilga qadar Ali jang qilish huquqidan mahrum bo‘ldi, shunda ham u xalq nazaridan tushmadi. U Universitetlarga ma’ruza o‘qish uchun borar, bu uchun gonorar olar edi. Mayamida masjid qurilishida ishtirok etdi. O‘z nomi ostida “burgerxona”lar qurilishiga rozi bo‘ldi. Hattoki “Buck White” musiqali filmda ishtirok etib, o‘z aktyorlik qobiliyatini sinab ko‘rishga ham ulgurdi. “The Greatest” nomli avtobiografiya yozdi. Qisqa vaqt ichida Muhammad Ali mo‘maygina daromad qildi.
Qaytish
Lekin chempion jang qilishni xohlardi. 1970-yilda unda jang qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Jorjiya shtatida atletika komissiyasi yo‘q edi, jang qilish uchun mahalliy boshqarmaning ruxsatigina kerak edi, xolos. Alining jamoasi uni qo‘lga kiritdi va 26-oktabrda u ringga qaytdi. Muhammad 3-raundda Jerri Kuorrini nokautga uchratdi.
1971-yil mart oyida amaldagi chempion Jo Freyzerga qarshi ringga chiqdi. O‘sha yili undan barcha ayblovlar olib tashlandi. Uning ishi yuqori sudgacha yetib borgan va ular shunday qaror chiqargan edi. Freyzerga qarshi jangga Ali hali to‘liq tayyor emasdi va hakamlar qaroriga ko‘ra mag‘lub bo‘ldi.
Bu jangni muxlislar ancha avval kutishgan edi. Chunki Ali ringga chiqa olmay yurgan vaqtlarda yangi chempionga yaxshi munosabatda bo‘lmagandi. Tresh-tok (raqibga nisbatan haqoratomuz munosabatda bo‘lish) o‘sha vaqtlarda Ali sabab urf bo‘la boshlagan. 1974 va 1975-yillarda Muhammad Freyzer ustidan ikki marta g‘alaba qozongan.
Muhammad Alining eng mashhur janglari Vyetnam urushiga bosh tortgandan keyin bo‘lib o‘tgan. Bu voqea tufayli u 3 yilini yo‘qotdi, lekin shunda ham vaziyatdan g‘olib sifatida chiqib ketdi. U raqibing qanchalik kuchli bo‘lib ko‘rinmasin, kurashishdan qo‘rqmasang, albatta g‘olib bo‘lishingni ko‘rsatib berdi.
Mavzuga doir:
- Ringda raqiblar, sudda esa hukumat bilan kurashgan, sport tarixidagi eng buyuk shaxs — Muhammad Ali
- Sport tarixidagi eng buyuk shaxsning so‘nggi g‘alabasi. Muhammad Alining halokatli revansh jangi haqida
- G‘alabani nishonlashga kuchi qolmagan Ali, fojiaga olib kelgan ayyorlik va yuzning yarmini egallagan gematoma. Boks tarixidagi eng shafqatsiz janglar
Izoh (0)