Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapid dushanba kuni Turkiyadagi Isroil fuqarolarini eronlik maxsus xizmat xodimlari Istanbulda isroilliklarga qarshi hujumlarni faol rejalashtirayotgani tahdidi tufayli “imkon qadar tezroq” Turkiyani tark etishga chaqirdi.
“Bu haqiqiy va bevosita xavf” — dedi Lapid o‘zining “Yesh Atid” partiyasi deputatlari yig‘ilishida. U “Eronning Istanbulda dam olayotgan isroilliklarga qarshi terror hujumlarini amalga oshirishga bir necha bor urinishlariga” tayanib shunday fikr bildirgan.
“Agar siz allaqachon Istanbulda bo‘lsangiz, tezroq Isroilga qayting”, deydi Lapid. “Agar siz Istanbulga uchishni rejalashtirgan bo‘lsangiz — bekor qiling. Hech bir sayohat sizning hayotingizga arzimaydi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.
Shuningdek Tashqi ishlar vaziri “Turkiyaga umuman uchmang”, deb maslahat bergan.
Eron va Isroil ashaddiy raqiblar bo‘lib, Eron Isroilni yadroviy va harbiy xizmatchilari qotilliklarida ayblab keladi.
Yaqinda Eron 22-may kuni Tehrondagi uyi oldida o‘ldirib ketilgan Inqilobiy gvardiya polkovnigi Sayyod Hodaiyning o‘limida Isroilni ayblagan edi.
Lapid Isroilning Eron ichidagi hech qanday amaliyotiga ishora qilmagan. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Turkiyaga sayohat qilgan ba‘zi isroilliklar “jonlari saqlab qolinganini bilmagan holda” uyga qaytib kelishgan.
Lapidning aytishicha, hujumchilar Isroil fuqarolarini “o‘g‘irlash yoki o‘ldirish uchun” nishonga olgan.
Lapid Turkiya hukumatiga “Isroil fuqarolarining hayotini himoya qilish yo‘lida qilgan sa’y-harakatlari uchun” minnatdorchilik bildirdi, lekin aniq tafsilotlarni keltirmadi.
Izoh (0)