1-iyundan boshlab Germaniyaning barcha shaharlarida 9 yevrolik oylik yo‘l chiptasi bilan jamoat transportida yurish mumkin bo‘ldi.
Masalan, Berlinda sotib olingan chipta Frankfurt, Gamburg, Myunxen va boshqa shaharlarda ham amal qiladi. Maxsus taklif butun yoz davomida amal qiladi — yo‘l chiptasining uch oylik narxi 27 yevro.
Taqqoslash uchun, 2021-yilda Myunxenda eng arzon oylik yo‘l chiptasi — 57 yevro, eng qimmati Gamburgda — 112,80 yevroga sotilgan.
Germaniya jamoat transporti tarixida bunday arzon yo‘lkira narxi bo‘lmagan, deb yozadi DW. Hukumat yonilg‘i va oziq-ovqat narxlarining keskin oshishini yumshatish uchun oylik yo‘l chiptalariga 2,5 milliard yevro ajratdi.
Germaniyaning asosiy temiryo‘l operatori Deutsche Bahn arzon yo‘lkira tufayli poyezdlarda tirbandliklar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Amalda shunday bo‘ldi ham — mahalliy aholi jamoat transportiga chiqish uchun katta navbatlar va reyslarning bekor qilinishiga duch kelishganini ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilishmoqda.
Izoh (0)