Baxti — tushunadigan otaning farzandi ekanligi
Malala Yusufzay 1997-yilning yozida Pokistonning Svat vodiysida yashovchi muallim Ziyovuddin Yusufzay va uy bekasi Tor Pekayning oilasida dunyoga keladi. Maktab ochish va ilm-fan ravnaqi uchun jon kuydiruvchi kam sonli insonlardan bo‘lgan otasi, Afg‘oniston qahramoni, mayvandlik Malalay sharafiga qiziga Malala (“qayg‘uga botgan” degan ma’noni anglatsa-da) deb ism qo‘yadi.
O‘g‘il tug‘ilsa, quvonchdan osmonga o‘qlar yog‘diriladigan, qiz tug‘ilsa, esini tanishi bilan paranji ortiga yashiriladigan mamlakatda tug‘ildim. Bu yerda ayollarning vazifasi faqat ovqat tayyorlash va farzand dunyoga keltirishdan iborat.Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgan qizaloq ukalari tug‘ilganidan keyin onasiga uy yumishlarida ko‘makchi bo‘ladi. Vaqtini otasi ochgan maktabda bilim olish, turfa fanlarni o‘zlashtirishga sarflaydi. Pushtu, urdu tilidan tashqari, inglizchada ham bemalol muloqot qilishni o‘rganadi. Bilimi ortib, dunyoni taniy boshlagani sari atrofidagi voqealar bilan bog‘liq savollar quyilib kelaveradi, mantiqsizliklarni tahlil qila boshlaydi.“Men Malalaman” kitobidan
Jamiyatdagi muammolar sabab “ko‘zlari erta ochilgan” qiz tengqurlari singari pedagog, shifokor emas, ixtirochi yoki siyosatchi bo‘lishni orzu qiladi. Mamlakatdagi ahvol, taqiqlar jiddiy bo‘lsa-da, otasi qizining ta’lim olishi, bilimli bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. U ham qizini buyuk va foydali inson bo‘lishini istar, shu bois ham u bilan tarixiy va dunyodagi muhim voqealar haqida ko‘p gaplashardi. Shunchalik qizigan suhbatlar ukalari va onasi uyquga yotsa hamki, yarim tunga qadar davom etardi.
Yusufzayning u tengi qizlar ro‘zg‘or ishlari bilan uymalashib yurgan vaqtda Pokiston asoschisi Muhammad Ali Jinna va mamlakat bosh-vaziri Benazir Bhutto singari shaxslarning erishgan yutuqlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishida otasining hissasi beqiyos. Vatani, unda yashayotgan fuqarolarning taqdiri haqida qayg‘urgan, unga befarq bo‘lmagan insonlarning hayot yo‘llari haqida o‘rgangani kelajak uchun uni ilhomlantiradi.
Tolibonlar u oilasi bilan yashaydigan Svat vodiysida hukmronlik o‘rnatib, “ojiza”larning maktabga qatnashini taqiqlab qo‘yganidan keyin hayoti butkul izidan chiqadi. Bu vaqtda bolalar va qizlar o‘qishi zarur deb hisoblovchi otasi taqiqlarga qaramay, qayta maktab ochishni xohlar, buning uchun o‘lib-tirilish, keskin fikr bildirishdan cho‘chimaydi.
Kunlardan bir kuni BBC radiosining Peshovardagi muxbiri Abdul Xay Kakar unga qo‘ng‘iroq qilib, tolibonlar davridagi hayot haqida internetda blog yurita oladigan o‘qituvchi yoki o‘quvchi bor yo‘qligini so‘raydi. Bundan xabar topgan Malala, yoshiga nomunosib qat’iyat bilan buni o‘zi bajarishga ahd qiladi. Uyda kompyuteri bo‘lsa-da, elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammo ko‘p kuzatilgani sabab Abdul Xay Kakarga tolibonlar rejimi ostidagi hayot haqidagi ma’lumotlarni telefon orqali yetkazib turadi.
Chamasi bir soat davom etadigan suhbat chog‘ida asosan kun davomida nimalar bilan band bo‘lgani, orzulari haqida so‘zlab beradi. Urdu tilida bo‘lgan suhbat muxbir tomonidan yozib olinib, hafta davomida bir marta BBC radiokanalining Pokiston xizmati orqali efirga uzatiladi. Ismini ochiqcha e’lon qilish xavfli ekani hisobiga kundalik Gul Makay nomi bilan yuritiladi.
Malalaning blogidagi birinchi yozuv 2009-yil 3-yanvarda “Men qo‘rqaman” sarlavhasi bilan paydo bo‘ladi. Hikoyalariga tobora qiziqish ortar, odamlar ularning muammolari haqida gapirishga jasorat topgan qizning kimligi haqida bosh qotira boshlaydi. Muxbir esa Malalaga gullab qo‘ymaslik kerakligi, bu unga qimmatga tushishi mumkinligini bot-bot ta’kidlaydi. Ammo u shunday kunlarning birida o‘z blogida hammasini deyarli sotib qo‘yadi. “Onam Gul Makay taxallusini juda yaxshi ko‘radi va otamga ismimni o‘zgartirish kerakligini aytadi. Asl ismim qayg‘uga botgan degan ma’noni anglatgani uchun men ham bunga qarshi emasman”, — deb yozgandi o‘shanda.
BBC jurnalistining taklifiga o‘ylab ham o‘tirmay rozi bo‘lgani, otasi New York Times’ning hujjatli filmida suratga tushgani, har ikkisining jurnalistlar bilan apoq-chapoqligidan tashqari, ta’limini yoqlab, johilliklarni fosh etishi tabiiyki qarshi javobsiz qolmaydi.Tolibonlarning qasosi
2012-yil Malala va uning oilasi hayotini tamoman o‘zgartirib yuborgan voqea sodir bo‘ladi. Gap shundaki, aynan shu yili tolibonlar uni hayotiga nuqta qo‘yishga urinadi. O‘quvchilar to‘la maktab avtobusi to‘xtatilib, Malala kimligini so‘ragan jangari, “Solt-45” markali to‘pponchadan uch marta o‘q uzadi. O‘qlardan biri, Yusufzayning chap ko‘zi chanog‘ini yalab o‘tib, chap yelkasining pastki qismiga tegadi. Hujum oqibatida dugonasi ham yaralanadi. Tolibonlar bir o‘q bilan ikki quyonni urmoqchi: Malalani o‘ldirmoqchi, otasining ovozini esa abadiy o‘chirmoqchi bo‘lgandi.
Jarohati jiddiy bo‘lgan Malala dastlab Peshovardagi keyinchalik Buyuk Britaniyaning Birmingem shahridagi harbiy shifoxonaga olib boriladi. Unga suiqasd qilinganini tan olgan tolibon vakili Ehzanulloh Ehson quyidagicha bayonot beradi: “Ha, biz uni otib tashladik. Bizga qarshi bo‘lganlarning boshiga shu kun tushishini eslatib o‘tmoqchimiz. Kufrni tarqatishga bosh bo‘lgani uchun Malalaga o‘q uzdik. U yosh bo‘lsa hamki pushtun o‘lkalarida g‘arb turmush tarzini targ‘ib qildi. U g‘arbparast. Unga g‘arbliklar rahnamolik qilgani bois, bizni hamisha qoralab keldi”.
Aslida u duch kelgan mazkur voqea butun zulm ostida yashayotgan xotin-qizlar, bolalarning qismati qanday kechishi, jaholatga barham berilmasa, vaziyat bundan ham jiddiylashishi mumkinligiga isbot edi. Ammo unga qarata otilgan o‘qlar 2013-yilning qish kunlari shifoxonadan chiqqan Yusufzayni gapirishdan to‘xtata olmaydi.Ko‘pchilik orasidagi yolg‘iz bir qizcha
Bor-yo‘g‘i ilm olishni istagan qiz bilan bog‘liq voqeadan keyin Pokistonning ikki milliondan ortiq fuqarosi hukumat nomiga “Ta’lim olish huquqi”ni ta’minlashni so‘rab, iltimosnoma imzolaydi. Ushbu voqealardan keyin u 2013-yil Birlashgan Millatlar Tashkilotida nutq so‘zlaydi. Unda terrorchilar kitob va qalamdan oldin ham qo‘rqqani, bu hozir ham o‘zgarmagani, ularni ta’limning kuchi sarosimaga solishini aytadi. Kitob-qalam eng kuchli qurol ekaniga urg‘u beradi.Terrorchilar minglab odamlarni o‘ldirdi, millionlab kishilarni yaraladi. Men jabrlanuvchilardan bittasiman, xolos. Mana qarshingizda turibman. Mana qoshingizdaman: ko‘pchilik orasidagi yolg‘iz bir qizcha. Men o‘zim haqimda gapirayotganim yo‘q, mening ovozim tinch yashash huquqi uchun, insoniy haqlari uchun – ularga odamdek munosabatda bo‘lishlari uchun, hammaga teng imkoniyat berilishi uchun, ta’lim olish huquqi uchun kurashganlarning ovozidir.Yana u terrorchilarning sal avval Kvettada o‘n to‘rt nafar begunoh talaba, ayol muallimlarni o‘ldirgani, har kuni maktablarni portlatilishiga sabab ularning jamiyatda jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilishi, tenglik qaror topishidan qo‘rqishi ekanini qo‘shimcha qiladi.Malalaning 2013-yil 12-iyul, BMT Yoshlar assambleyasida so‘zlangan nutqidan
Ta’lim olish uchun kurashib, bundan mosuvo bo‘lgan insonlarning timsoli
Yusufzay 2013-yilda ilk bor Nobel mukofotiga nomzod bo‘lgan-u, lekin g‘olib bo‘lolmagan. Butun dunyo bo‘ylab o‘n mingga yaqin kishi unga Nobel mukofoti berishga chorlovchi onlayn-petitsiyaga imzo chekkan. Faollarning fikricha, o‘sha vaqt 15 yosh bo‘lgan Yusufzay ta’lim olish uchun kurashgan-u, biroq bundan mosuvo bo‘lgan insonlarning timsoli edi. Qizini o‘qishini qo‘llab-quvvatlagan otasi butun dunyo uni qo‘llab-quvvatlayotganidan boshi ko‘kka yetgan.
2014-yilning bahorida nomzodi qayta qo‘yilib, g‘oliblar safidan bo‘lishga loyiq topilganida 17 yoshda bo‘lgan Malala Nobelni qo‘lga kiritgan ikkinchi pokistonlik edi. Ungacha Abus Salam ismli olim 1979-yilda Higgs bozonini kashf qilishga qo‘shgan hissasi uchun mukofot sohibi bo‘lgandi. Oradan uch yil o‘tib, 2017-yil aprelda BMT bosh kotibi Antonio Guterrish Malalani qizlarning ta’limini targ‘ib qiluvchi tinchlik elchisi etib tayinlaydi.
Taqdir taqozosi bilan o‘qishni Britaniyada davom ettirgan Yusufzay Birmingemdagi maktabni tamomlagach, Oksford universitetiga qabul qilinadi. U orzu qilgan, intiqib kutgan kunlar yetib kelgandi. 2020-yilda u Siyosat, falsafa va iqtisodiyot sohasi bo‘yicha diplomni qo‘lga kiritadi. Bu haqda Twitter’dagi sahifasida ma’lum qiladi. “Oldinda nima kutayotganini bilmayman Hozircha bo‘lsa – Netflix, kitoblar va uyqu”, — deb yozib qoldirgan u.Matbuotning munosabati
Shaxsiy hayotini ko‘z-ko‘z qilishni yoqtirmaydigan Yusufzay 2021-yilning oxirida Pokiston sport tashkilotining menejeri Asser Malik bilan turmush qurgan. Bu haqda uning o‘zi Twitter’da ma’lum qilgan. “Bugun hayotimdagi unutilmas kun. Asser bilan umrimizning oxirigacha birga bo‘lish uchun turmush qurdik”, — deb yozgan Nobel laureati umr yo‘ldoshi bilan birga tushgan fotosuratlarni ilova qilgan. Britaniyada vaqti tanishgan juftlikning to‘yi ularning oila a’zolari ishtirokida, milliy urf-odatlarga binoan bo‘lib o‘tadi. Malala va Asser Malikning o‘rtasidagi o‘xshashliklar talaygina: ularning vataniga bo‘lgan sevgisi cheksiz, ammo shunga qaramay, Pokistonda har ikkisini ham unchalik yoqtirishmaydi.
Mamlakati hisobiga Nobel mukofoti olib kelgani va millatdoshlarining ertasi haqida qayg‘urganiga qaramay, uni vatandan ketib, balandparvoz nutqi bilan dunyo e’tiborini jalb qilishga urinayotganlikda ayblaganlar ham bo‘lgan.
Dunyo matbuoti yosh bo‘la turib, kattalarda yo‘q jasoratni topgan qiz haqida baralla gapirayotgan bir vaqtda mamlakatidagi faollardan ayrimlari uni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi bilan hamkorlikdan tortib, Pokistonga nisbatan simulyatsiya va tuhmat qilishgacha ayblagan. Umuman olganda Pokiston televideniyesi Malalaning Nobelni qo‘lga kiritganiga ijobiy munosabat bildirgan — uni erishgan muvaffaqiyati bilan tabriklagan, biroq bu haqidagi xabar judayam qisqa bo‘lib, undan keyin darhol boshqa siyosiy reportajlarga o‘tib ketilgan.
Uni Amerikaning josusi deb atashlariga bundan avvalroq, 2010-yilda AQSHning Afg‘oniston va Pokistondagi maxsus vakili Richard Holbruk bilan bir tadbirda ishtirok etgani sabab bo‘lgan. OAVdagi tanqidlar 2012-yilgi suiqasddan keyin yanada jadallashgan. Unga qarshilar Malalani xorijiy mamlakatlarning rahmini keltirish uchun o‘zini yaralanganga solganlikda, mug‘ombirlikda ayblagan. Bu esa bir boshqa epizod — 2005-yil Pokistonning sobiq prezidenti Parvez Musharraf ayollarni kanada vizasini olish uchun o‘zlarini zo‘ravonlikdan jabrdiyda qilib ko‘rsatganga chiqargan vaziyatga o‘xshardi.Bu hali hammasi emas
Malala tug‘ilgan kun – 12-iyul BMT qarori bilan “Malala kuni – bolalarning ta’lim olishi uchun kurash kuni” deb belgilangan. 2013-yili oktabr oyida Buyuk Britaniyada Malala Yusufzayning ingliz jurnalisti Kristina Lemb bilan hammualliflikda yozilgan “Men Malalaman” nomli avtobiografik kitobi chop etilgan. Kitob Ahror Sharif tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Malala 2020-yil 18-sentabrda Barqaror rivojlanish maqsadlari qabul qilinganligining besh yilligiga bag‘ishlangan tadbirda BMT a’zolariga bajarilmagan va’dalarini eslatgan. “BMTga a’zo davlatlar Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qilganlaridan beri besh yil o‘tdi. Ushbu maqsadlar millionlab odamlarning, maktabga borishni istagan qizlarning, tenglikni qo‘llab-quvvatlaydigan ayollarning, toza havo va xavfsiz sayyora uchun kurashadigan yoshlarning kelajagini belgilaydi. Siz esa o‘z va’dalaringizni bajarmadingiz. Men shuni bilmoqchiman, sizlar qachon ishlashni boshlaysiz?”, – degan u.
Ayni vaqtda Buyuk Britaniyada istiqomat qiladigan Malala hozir ham avvalgidek huquqni himoya qilish bilan band. Nobel mukofotiga ega bo‘lgach, unda o‘z orzusini amalga oshirish: tolibonlardan aziyat chekayotgan bolalarga yordam beruvchi fond ochish imkoniyati paydo bo‘lgan. Mazkur fond Pokistondagi ta’lim ololmaydigan kambag‘al oilalarning farzandlari uchun stipendiya ajratadi. Livanda suriyalik qochoq qizlar uchun maktab ochgan yosh faolning buni o‘zi bilangina cheklanish niyati yo‘q.
Shu vaqtga qadar po‘pisa va do‘qlar, qarshiliklar ko‘p bo‘lgani uni zarracha ham qo‘rqitmagan. U o‘z chiqishlarida ayollarning ta’limi va madaniy hayotdagi ishtiroki, bolalar mavzularini avvalgidek ko‘tarishda davom etib kelmoqda. Malalaning hikoyasi taqdirga tan bermaslik, inson hech bo‘lmaganda o‘z hayoti oldida mas’ulligini bilib, uni o‘zgartirishga intilish kerakligiga isbot bo‘la oladi.
Mavzuga doir:
- Josuslikka taklif etilgan, molekulalar olamida parallel yashagan fizik-kimyogar olima, Germaniya tarixidagi ilk kansler ayol — Angela Merkelning oddiy-u, aslida o‘ta murakkab hayot yo‘li
- “Hindistonda ommaga sigirni yeyish mumkinligini tushuntira oladigan kuchli siyosatchi yo‘q”. Mamlakatni o‘zgartirgan, qo‘riqchilari tomonidan o‘ldirilgan Hindistondagi ilk bosh vazir ayol — Indira Gandi“Bizni ayol kishi boshqaradimi?” 45 yil taxtdan tushmagan, ota mehridan mosuvo bo‘lib ulg‘aygan, xalq mehrini qozongan qirolicha — Yelizaveta I kechmishi
Izoh (0)