Forbes’ning dunyodagi eng nufuzli ayollar ro‘yxatida bir necha marotaba yetakchilik qilgan Angela Merkel muvaffaqiyat qozonish va eng yaxshilar safida bo‘lish jinsga bog‘liq emasligi, hammasi o‘qish-izlanish va tinimsiz mehnatga bog‘liqligini amalda isbotlagan lider ayoldir. “Daryo” “Tarixda qolgan ayollar” ruknida 16 yillik faoliyatidan keyin xalq ko‘zyosh to‘kib kuzatgan, Germaniya tarixidagi ilk ayol kansler — Merkel xonimning hayot yo‘liga nazar tashlaydi.

Tortinchoq polyak qizi

Merkelning bolaligi

Foto: Esquire

Professionallikdan tashqari, inson sifatida ham nemis xalqi qalbidan joy olgan ayol Germaniyaning Gamburg shahrida tug‘ilgan bo‘lsa-da, ota-buvalari shajarasi polyaklarga borib taqaladi. Bobosi Lyudvik Kazmerchak Polshaning g‘arbiy qismida joylashgan Poznan shahrida politsiyachi bo‘lib ishlagan. Birinchi jahon urushi vaqtida Germaniya armiyasida xizmat qilib, 1923-yili Berlinga ko‘chadi-yu, eski kasbini davom ettiradi.

Heydelberg va Hamburg universitetlarida ilohiyotdan ta’lim olgan va cherkov xodimi bo‘lgan otasi — Xorst o‘z familiyasini Gitler hukumat tepasiga kelgach, Kazmerchakdan Kasnerga o‘zgartiradi. Polshaning Gdansk shahrida dunyoga kelgan onasi Gerlinda esa uy bekasi bo‘lguniga qadar maktabda xorijiy tildan dars beradi.

Merkelning yoshligi

Foto: Esquire

Angela tug‘ilganidan bir muddat o‘tib, ota-onasi Gamburgdan GDRga, keyinroq Templinga ko‘chib o‘tishni afzal biladi. Bolaligidan tirishqoq va ilmga chanqoqligi bilan uch farzanddan ajralib turgan Angela to‘kin-sochinlikda o‘sganiga qaramay, hech qanday maktabgacha ta’lim muassasasi va tayyorgarlik kurslariga qatnamaydi. Ammo bu 1961-yili Templindagi politexnika o‘rta ta’lim maktabining birinchi sinfiga qabul qilingan qizning fanlarni yaxshi o‘zlashtirishiga xalal bermaydi. Sinfdosh va o‘qituvchilari uni biroz tortinchoq, ammo xiyla odamshinavandaligi bilan eslab qolishgan.

Josuslikka taklif

Merkelning yoshligi

Foto: Financial Times

Matematika va chet tillariga qiziqqan Merkel 1973-yili Karl Marks nomidagi hozirgi Leypsig universitetining fizika fakultetiga qabul qilinib,1978-yili a’lo baholar bilan o‘qishni tamomlaydi. Dastlab u Ilmenau nomli texnika universitetiga ishga kirmoqchi bo‘lib hujjatlarini topshiradi. Taassurot uyg‘otadigan biografiya, qatorlashib turgan a’lo baho va ijobiy tavsiyanomasi bor Angelani suhbatga chaqirishlariga shubha yo‘q edi, ammo uning qanday kechishi o‘ziga ham kutilmagan sovg‘a bo‘ladi.

Suhbatga borgan Merkelni GDRning xavfsizlik xizmati — Shtazining ikki nafar ofitseri qarshilaydi. Nima bo‘layotganini tushunolmay kalovlangan bitiruvchiga ofitserlar birin-ketin, o‘ta xushmuomalalik bilan savol bera boshlaydi. Hamma ma’lumotlar stol ustidagi jildda aniq-tiniq qayd etilganiga qaramay, ular o‘sha ma’lumotlar haqiqatga qanchalik mosligini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ladi.

Suhbat orasida g‘arb radiosini tinglashi-yu, so‘nggi marta g‘arbiy Germaniyadan qachon djinsi sotib olgani haqida savollar ham beriladi. U davlat dushmani emasdi — agar shunday bo‘lganida bormi, ular “boshqacharoq” gaplashgan bo‘lishardi. To‘satdan josus bo‘lishga bildirilgan taklif Angelani gangitib qo‘yadi. Vaziyatni juda yaxshi tushunib, barini halimlik va diplomatik yo‘l bilan tushuntirishga chog‘lanadi: “Afsuski, sir saqlay olmayman”, — deb javob beradi. Bunday oqilona yo‘lni tanlashiga ota-onasining bolaligidan bergan maslahatlari asqatadi. “Ota-onam menga hamisha Shtazi ofitserlariga gap ichimda turmaydi, bilmasdan gullab qo‘yaman, tilimni tiya olmaydigan odatim bor, deb aytishni tavsiya qilishardi. Men yana ularga, buni turmush o‘rtog‘imdan sir tuta olarmikanman, bilmadim, deganman”, deb eslaydi Angela.

Shtazi xodimlarining hafsalasi pir bo‘ladi. Qarshilaridagi molekula, atom va neytronlardan iborat olamda parallel yashaydigan sodda olima ayoldan naf yo‘qligini bilib, minnatdorlik bildirgan holda to‘g‘ri eshik ko‘rsatib yuboriladi.

Ushbu voqealardan keyin Berlinga ko‘chib o‘tgan Merkel GDR fanlar akademiyasi qoshidagi fizika-kimyo institutida ishlay boshlaydi. Avvaliga nazariy kimyo bo‘limida faoliyat yuritib, 1986-yili dissertatsiyasini himoya qilgan Merkelga nazariy kimyogar Luts Syullike rahbarlik qiladi. Keyinchalik analitik kimyoga sho‘ng‘iydi va Klaus Ulbrixt rahbarligi ostida izlanishini davom ettiradi.

Fandan siyosatga

Angela 1989-yili Polshada tashkil qilingan kimyo bo‘yicha yozgi maktabda do‘stlari bilan

Foto: Agence France-Presse

Uning fan bilan birga siyosat borasida muvozanatni ushlay olgani e’tiborga molik. Maktab va universitet yillari Erkin nemis yoshlari ittifoqiga a’zo bo‘lgan Merkel Fanlar akademiyasidagi faoliyati davomida madaniyat masalalari bo‘yicha xodim lavozimida ishlaydi. 1989-yili “Demokratik uyg‘onish” partiyasiga qo‘shilishi uning siyosiy karyerasida muhim rol o‘ynaydi. Avvaliga ma’mur, keyinchalik partiya raisi Volfgang Shnurning shtatida kotiba bo‘ladi. Partiya 1990-yili Xristian-demokratik ittifoq tarkibiga qo‘shiladi. Shundan so‘ng u mansab pillapoyalari bo‘ylab dadil ko‘tarilib boradi.

Helmut Kol va Angela Merkel

Foto: Agence France-Presse

Helmut Kolning ishonchiga sazovor bo‘lgan Angela Merkel 1994-yilda atrof-muhitni muhofaza qilish federal vaziri, 1998-yilda XSIning bosh kotibi, 2000-yili partiya va Bundestagdagi parlament guruhi raisi lavozimlarida ishlashdan tashqari yoshlar va ayollar ishlari bo‘yicha vazir bo‘lishning ham uddasidan chiqadi. Atrof-muhitni himoya qilish vazirligida faoliyat yuritgani esa siyosiy arenada ko‘zga ko‘rinishiga sabab bo‘ldi.

Foto: Esquire

Ammo Kol katta mablag‘ni olganini yashirgani bilan bog‘liq mashmashalarga aralashib qolganidan keyin Angela uni keskin tanqid qiladi. Aynan mana shu tutgan yo‘li uni hokimiyatga yaqinlashtiradi. 2000-yil aprelda XSI’ga rahbar bo‘ladi. Unda kansler bo‘lish istagi aynan o‘sha vaqtlardayoq paydo bo‘lgan, ammo qo‘llab-quvvatlashning yetishmasligi sabab saylovga nomzodini qo‘yish fikridan qaytadi. 2005-yili esa u Germaniyaning ilk kansler ayoliga aylanadi.

Kir yuvish mashinasi va familiya

Angela birinchi turmush o‘rtog‘i Ulrix bilan

Foto: Getty Images

2004-yilda “Shtern” jurnaliga bergan intervyusida: “Insonlar hayotimning 35 yili haqida deyarli hech nima bilmaydi”, — degan Angela birinchi turmush o‘rtog‘i bilan 1974-yili talabalarning almashinuv dasturi asosida tashkil qilingan uchrashuvlardan birida tanishadi. Hali bir-birini yetarlicha tanib ulgurmagan, ammo his-tuyg‘ular ta’sirida hayotini bir umrga bog‘lashga qaror qilgan yoshlarning nikoh marosimi 1977-yil 3-sentabrda Templin cherkovida bo‘lib o‘tadi.

Turmushi davomida farzand ko‘rmagan juftlikning 5 yillik munosabatlari havas qilgudek emasdi. Vaqt o‘tib, bu turmush xato bo‘lganini ta’kidlagan Angela o‘sha vaqt shunday qilish kerak bo‘lgani uchungina oila qurganini ma’lum qilgan. Ikkisi ham shu qadar ko‘p ishlaganidan suhbatlashishga ham fursat topilmas, Ulrixning uyda kam ko‘rinishi, kelganida ham gaplari-gapiga qovushmasligi munosabatlarga suv purkayveradi. Talabalik vaqti xorijdagi konferensiyalarga bir-birisiz ketolmay, iloji boricha vaqtini birga o‘tkazgan juftlikning munosabatlariga Berlinga ko‘chib o‘tganidan keyin nimadir ta’sir etgandek edi.

Foto: Esquire

Urush, baqir-chaqir, haqoratdan asar ham yo‘q — shunchaki oradagi bo‘shliq va uzoqlashish hissi tobora kengayib, ularning har ikkisi ham begonalashib borardi. Paysalga solingan uzoqlashish 1981-yilning qish tongida yuz bergan “portlash” bilan nihoyasiga yetadi. Ulrix bu haqida shunday eslaydi:

U bir kuni to‘satdan narsalarini yig‘ishtirgancha ikkimiz yashaydigan kvartiradan chiqib ketdi. U yuz berishi mumkin barcha oqibatlarni chamalab, ijobiy va salbiy tomonlarni tahlil qilib ko‘rgandi. Biz do‘stona ayrildik. Moliyaviy nuqtayi nazardan ikkimiz ham mustaqil edik. Bo‘lishadigan narsamiz ham yo‘q edi. U kir yuvish mashinasini olib ketdi, men esa mebelni olib qoldim. Aytgancha, o‘sha mebelning ba’zilaridan hozir ham foydalanaman.

Darvoqe, Merkel faqat kir yuvish mashinasini emas, erining familiyasini ham o‘zi bilan olib ketgandi. Shugina xolos.

Angela ikkinchi umr yo‘ldoshi Ioaxim Zauer bilan

Foto: Getty Images

Ajrashganidan 2 yil o‘tib, ikkinchi umr yo‘ldoshi Ioaxim Zauerni uchratadi. Merkel avvalgi qarorini shoshqaloqlik deb bilgani sababmi bu safar munosabatlarini rasmiylashtirishga oshiqmaydi. 10 yil o‘tibgina — 1998-yili oila quradi. Ilm-fan sohasida rafiqasining siyosatdagi faoliyatidan kam xizmat qilmagan Kvant kimyosi bo‘yicha mutaxassis, Gumbold universitetining professori Zauer odamoviligi bilan ajralib turadi. U biron marta ham rafiqasining inauguratsiyasiga tashrif buyurmagan. Ammo bu ularning o‘zaro munosabatlariga zarracha ta’sir qilmaydi. Sobiq kanslerning shaxsiy hayotida uyg‘unlik hukmronlik qiladi: juftlik hamisha birga nonushta qiladi, dam olish kunlari opera tomosha qilgani borishadi.

Hamma gap oddiylikda

Foto: Getty Images

U hech qachon original g‘oya va esda qolarli imijga ega bo‘lmagan, ustiga-ustak ko‘zga tashlanadigan notiq ham emas. Ammo aynan oddiy Volkswagen Golf avtomobilida yurishi, bog‘iga sabzavot ekib, pazandalikni sevadigan oddiy nemis ayoli ekani bilan ham u xalqning qalbidan o‘rin olgan. Aynan shu sabab ham Germaniyada uni Mutti (“ona”) deb atashadi.

Foto: Esquire

15 yildan ko‘proq vaqt ichida Fransiya hamda Yevropaning boshqa mamlakatlarida prezident va hukumat o‘zgardi, AQSH respublikachilardan demokratlarga o‘tdi, Yevropa ittifoqida ag‘dar-to‘ntar voqealar bo‘lib ketdi, lekin bu vaqt ichida qo‘llarini qorin sohasiga qo‘ygancha birlashtirib nutq so‘zlaydigan frau Merkel xuddi qoya singari tik va mustahkam turdi. Aynan shu sabab g‘arb matbuoti “bundeskanslerin”ning naqadar jiddiy kuchga ega ekaniga urg‘u berish maqsadida uni Merkelator (Merkel va terminator so‘zlarining umumlashmasi) deb ham atagan.

Foto: Esquire

Angelada yetakchilik qobiliyati yo‘qligi, uning juda ham bo‘sh va ko‘zga tashlanmasligini ta’kidlaydigan ba’zi birovlar qattiq yanglishadi. U provokatsion bayonot bermasligi mumkin, ammo doimiy ravishda debatlarda ishtirok etib, mantiqan, joyida istehzo va yetarlicha sovuqqonlik bilan javob qaytaradi.

Deyarli 16 yil davomida faoliyat yuritgan Merkel tinchliksevar va oqilona siyosat yuritadigan lider sifatida obro‘ qozongan. Oddiylik tashrif qog‘ozi hisoblangan sobiq kanslerning maoshi yuqori bo‘lishiga qaramay, yashash borasida shinamlikni, mahsulot borasida esa o‘zi xarid qilishni xush ko‘rgan.

Do‘kondan mahsulotlarni shaxsan o‘zi xarid qilishni yoqtiradigan Angela

Foto: Getty Images

U Berlindagi Am Kupfergraben ko‘chasidagi 5 qavatli uyda yashaydi va buni hamma biladi. Atrofi boshqa uylar bilan o‘ralgan, oldidan tramvay doimiy ravishda harakatlanadigan turar joyga u hukumat rahbari bo‘lishidan avvalroq ko‘chib o‘tgan va yangi lavozimga ega bo‘lganidan keyin ham hashamatga berilmay, hayot tarzini o‘zgartirmagan. Maydoni 200 kvadrat metrni tashkil qiladigan xizmat uyida istiqomat qilgan sobiq kansler Gerxard Shrederdan farqli ravishda uning turar joyini o‘zgartirmagani aholining hurmat va hayratiga sabab bo‘lgan.

Siyosatda ham shaxsiy hayotdagidek — kuzatadi, tahlil qiladi, keyin qaror chiqaradi

Angela Merkel, Donald Tramp va boshqa mamlakat rahbarlari

Foto: Esquire

2017-yildagi saylovlarda uning partiyasi avvalgi yilgiga nisbatan ovozlar soni bo‘yicha rekord darajada past ko‘rsatkich qayd qilganidan so‘ng, siyosatchi XDS raisligidan ketishi va boshqa kanslerlikka nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga u muddati tugagunigacha ushbu maqomda qolishga qaror qilgan va Germaniyaning aksariyat aholisi bu qarorni qo‘llab-quvvatlagan.

Faoliyati davomida u boshqaruv kursini harbiy mojarolarni hal qilishga qaratgan, ammo xalqaro ekspertlar uni bu masalada har doim ham to‘g‘ri yo‘l tutmaslikda ayblagan. Gap shundaki, bir emas bir necha marotaba bundesver — Germaniya armiyasini yetarlicha moliyalashtirmaslikda qoralangan Merkel har safar buni hal qilishga va’da bersa-da, ajratilgan summa NATOning boshqa mamlakatlari ajratgan mablag‘dan kam bo‘lavergan.

Angela Merkelning suratini ko‘tarib turgan suriyalik muhojir yigit

Foto: Agence France-Presse

Yana bir murakkab masala — 2015-yili avj olgan Yevropadagi migratsion inqiroz edi. O‘sha vaqtdagi ommaviy immigratsiya mamlakatda nazoratdan chiqqan edi. Bir necha hafta ketma-ket qochoqlar Yevropa ittifoqi chegaralari tomon quyilib kela boshlaydi. Suriya va Liviyadagi urushdan qochgan fuqarolarning aksariyati Germaniyadan najot topishga intiladi. Germaniya matbuoti qo‘l qovushtirmay o‘tirishga chaqirar, boshqa mamlakatlar esa chegarani yopishni maqbul yechim deb bilgandi. Telekanallar esa Vengriya va boshqa janubiy Yevropa mamlakatlariga kirishga urinayotgan oilalarni savalayotgan politsiyachi aks etgan sujet bilan to‘lib toshgan edi.

Germaniyagacha yetib kelolganlarga qochoq sifatida ro‘yxatdan o‘tish, aksariyatiga esa qolishga ruxsat berilgandi. Bundan xavotirga tushgan aholi Germaniyaning sharqiy hududlarida namoyish qila boshlaydi. Vaziyatdan norozi faqatgina oddiy aholi emas edi. Hatto kanslerning siyosatdagi do‘stlari ham “Nima uchun frau Merkel lom-lim demayapti? O‘sh vaqt uning o‘zi aslida qayerda edi?”, — degan savollarni bera boshlaydi.

Foto: Agence France-Presse

Sal avvalroq Gretsiya bilan iqtisodiy yordam bilan bog‘liq muzokara olib borib charchagan Merkel esa bayonot berishga shoshilmasdi. Aftidan, o‘sha vaqtda ham xuddi bir vaqtlar Berlindagi kvartirasida tutgan yo‘lidek: kuzatish, tahlil qilish, oqibatlarni chamalash usulidan foydalangan. OAV va saylovchilar bundan mamnun emas, kanslerning reytingi esa tobora tushib borardi. Go‘yo uzoq vaqt hukmronlik qilish fojia bilan tugashiga ishoradek. Siyosiy yakunning shamollari esardi go‘yo. Simptomatik tarzda 2015-yil Germaniyada yil so‘zi zu merkeln — “hech nima qilmaslik, harakatsizlikning eng oliy darajasi” fe’li bo‘ladi.

2015-yil. Angela Merkelning suratini ko‘tarib turgan muhojir bola

Foto: Agence France-Presse

Oradan bir oy o‘tib qochoqlarga boshpana berish to‘g‘ri qaror ekan, yuz minglab yoshni mamlakatga kiritish moliyaviy tomondan foyda keltirishini ham ta’kidlaydi. Gap shundaki, u vaqtda Germaniya uzoq muddatli pensiya inqirozi bilan yuzlashgan, mamlakatdagi keksa fuqarolarga nafaqa to‘lash uchun yoshlar juda kam edi. Immigratsiya jiddiy muammolarni keltirib chiqarsa-da buni muhim deb topishni hech kim kutmagan, Merkel bo‘lsa hech kimning xayoliga kelmagan qaror qabul qilgandi.

“Germaniya qochoqlarni integrallashtirishi mumkinmi?”, degan savolga Merkel: “Buni uddalaymiz!” deb javob bergan. Afsuski, uning bu qarori qo‘llab-quvvatlanmay, hamma — hamkasblaridan tortib yaqinlarigacha tanqid qilgan. Xuddi 1981-yildagi shaxsiy hayoti bilan bog‘liq holat qayta takrorlanayotgandek. O‘shanda ham yaqinlari, oila a’zolari uning ajrashish bilan bog‘liq qarorini ahmoqlik deb bilishgan, ammo bu Merkelni fikridan qaytara olmagandi.

Putin bilan suhbatlashayotgan Merkel

Foto: Getty Images

Atom energetikasidan voz kechgani, Germaniya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashishi, harbiy xizmatning bekor qilinishi (armiya shartnomalarga o‘tgan va askarlar soni qisqargan) kansler hukumatining eng esda qolarli islohotlar hisoblanadi. Uni shuningdek, Rossiya bilan munosabatlar ham bezovta qilgan. U Qrim, Donbassga bo‘lgan munosabati sabab Putinning siyosatini tanqid qilib, sanksiyalar joriy qilishni afzal bilgan.

“Kechki shafaq”

Foto: Forbes

2021-yili Merkelning kanslerlik muddati tugaydi. 2-dekabr kuni xonimni kuzatish maqsadida “Kechki shafaq” tantanali marosimi tashkillashtiriladi. Bundesver orkestri bir nechta kompozitsiya, xususan, Angelaning sevimli qo‘shig‘i ham qo‘yib eshittiriladi. Har qanday vaziyatdan chiqish yo‘lini biladigan kanslerning muvaffaqiyat siri nimadaligini aniq aytishda ikkilanganlar alal-oqibat undagi “kozir” — ko‘zga tashlanmaslik va xarizmaning yo‘qligi degan qarorga kelgan.

GDRning fanlar akademiyasida, flakon va shishalar bilan to‘lib toshgan laboratoriyada kimyo bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan, ammo taqdir taqozosi bilan siyosatda ilm-fandagidan kam yutuqqa erishmagan Angela hamma siyosatchilar ham pul dardida emasligi, mavqe va moliyaviy o‘sish oddiylikni o‘zgartira olmasligi, eng asosiysi, ayol kishi ham xalqning hurmatiga sazovor bo‘lib, prinsip va qoidalariga ega holda mamlakatni boshqarishi mumkinligiga yaqqol isbot.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Muallif:Gulira’no Musayeva