Toshkent—Istanbul yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan HY-273 reysi 25-may kuni Trabzon aeroportiga majburiy qo‘ndi. Bu haqda Uzbekistan Airways xabar qildi.
Qayd etilishicha, shu kuni samolyot jadvalga muvofiq Toshkentdan parvozni boshlagan. Texnik sabablarga ko’ra Toshkent vaqti bilan soat 21:10 da Trabzon aeroportiga majburiy qo‘nishni amalga oshirgan.
“Hozirda havo kemasi bortidagi 240 yo‘lovchi hayotiga hech qanday xavf tug‘dirmayapti. Yaqin vaqt ichida barcha yo‘lovchilar Trabzon shahrida joylashgan mehmonxonaga joylashtirilib, tez fursatlarda belgilangan manzil — Istanbul shahriga yetkaziladi”, — deydi aviakompaniya axborot xizmati.
Shuningdek, ushbu sabab tufayli HY274/25MAY22 Istanbul—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovi vaqti kechiktiriladi. Ayni vaqtda Istanbuldan Toshkentga yo‘lovchilarni olib ketish uchun rezerv havo kemasini yuborish masalasi ishlab chiqilmoqda.
“Keltirilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilar va ularni kutib oluvchilardan uzr so‘raymiz, shuningdek, yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri tushunishingizni so‘rab qolamiz”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkentdan Kiyevga uchgan samolyot Moldovaga yo‘naltirilgani, Namangandan Krasnodarga uchgan samolyot viloyatga qaytishga majbur bo‘lgani, Istanbuldan Urganchga kelayotgan reys noqulay ob-havo tufayli Toshkentga yo‘naltirilgani haqida xabar berilgan.
Izoh (0)