Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston rahbari To‘qayevni tavallud kuni bilan tabriklab, unga muvaffaqiyatlar, Qozog‘istonga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan. O‘zbekiston—Qozog‘iston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani qayd etilgan. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari barqaror oshib borayotgani, mamlakatlar o‘rtasida temiryo‘lda yo‘lovchi tashish qayta tiklangani bildirilgan.
Kuni kecha O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumat delegatsiyalari o‘tkazgan muzokaralarning amaliy natijalari yuqori baholangan. Qo‘shma kooperatsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish muhim ekani ta’kidlangan.
Ikki mamlakat yetakchilari kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashgan.
Izoh (0)