Ayni kunlarda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Ozarbayjonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 17-may kuni tashrif doirasida spiker Nurdinjon Ismoilov Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Ta’kidlanishicha, Ozarbayjon tarixiy, til va madaniy yaqinliklari bilan bog‘lagan qardosh O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor.
Uchrashuvda ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarning rivojlanish dinamikasi yuqori baholanib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan.
Samimiy muloqot chog‘ida O‘zbekiston—Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p tomonlama aloqalarni izchil rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashilgan.
Uchrashuvda Nurdinjon Ismoilov Ilhom Aliyevga 28-may – Ozarbayjon Mustaqilligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik maktubini topshirgan.
Avvalroq Oliy Majlis senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Janubiy Koreyaning yangi saylangan prezidentiga Shavkat Mirziyoyevning tabrigini topshirgandi.
Izoh (0)