Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti 2022-yil 15—16-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 16-may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov va SHHT bosh kotibi Chjan Min bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda qayd etildi.
TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan ShHT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning ShHTga raisligidagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar O‘zbekiston raisligida tashkilotning shu kungacha 40 dan ortiq tadbirlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganini qayd etdi hamda may–sentabr oylariga mo‘ljallangan yuqori darajadagi uchrashuvlarning tashkiliy masalalari va kun tartibini muhokama qildi.
SHHT bosh kotibi tashkilotga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining majlisiga tayyorgarlik ko‘rish, O‘zbekiston tomonidan Samarqand sammitini mazmunan boyitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuksak baholadi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar bo‘lajak sammit doirasida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlarni kelishish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari, jumladan, Afg‘onistondagi mavjud vaziyat ham ko‘rib chiqilgan.
Ma’lumot uchun, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti Eron 2021-yil sentabrida tashkilotga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilganidan beri birinchisi bo‘ladi. SHHTga a’zo davlatlar: O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston, Hindiston va Eron. Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston va Belarus tashkilotda kuzatuvchi, Turkiya esa muloqot bo‘yicha hamkor sifatida ishtirok etadi.
Sammitda tashkilotga a’zo ko‘plab davlatlar bilan umumiy chegaraga ega Afg‘onistondagi vaziyat har tomonlama muhokama qilinadi va muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Izoh (0)