Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida yashovchi ayol chaqalog‘ining og‘ziga latta tiqib o‘ldirdi. Ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda “Daryo”ga viloyat prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Anvar Esanov xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 1995-yil Qorako‘l tumanida tug‘ilgan R.N. 2022-yilning 9-may kuni Buxoro shahrida yashovchi ammasining xonadoniga mehmon bo‘lib borgan. Uy egalari bayram munosabati bilan yaqin qarindoshining uyiga ketganda, ayol uyda yolg‘iz qolgan.“Shu kuni, taxminan, soat 13:00 da ayolni to‘lg‘oq tutib, oradan chamasi bir soatlar o‘tib, u xonadonning yuvinish xonasida o‘g‘il farzandini dunyoga keltirgan. Ona bolasi nikohsiz va yashirin ravishda tug‘ilgani uchun chaqaloqning og‘ziga latta tiqib, uning o‘sha ondayoq vafot etishiga sababchi bo‘lgan. Oradan ko‘p o‘tmay uy egalari kelib qolgan va zudlik bilan ichki ishlar idoralariga xabar bergan”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan mas’ul.
Viloyat prokuraturasi tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv harakatlariga ko‘ra, ayolning homiladorligidan uning ammasi bexabar bo‘lgan.
Aniqlanishicha, R.N. turmush o‘rtog‘idan qonuniy ajrashgan bo‘lib, turmushidan bir nafar farzandi bor. U bir yil ilgari namanganlik fuqaro Sh.T.bilan tanishgan va u bilan yashirin ravishda ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan. Natijada homilador bo‘lib, o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan. Yaqinlaridan aybini yashirish maqsadida o‘zi dunyoga keltirgan farzandining qotiliga aylangan.
Ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 99-moddasi 1-qismi (onaning o‘z farzandini qasddan o‘ldirishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayol qo‘lga olingan. Holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)