Turkmanistonda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, turkman xalqi milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev o‘rtasida muzokaralar yakunlandi. Yetakchilar o‘zaro kelishuvlar yuzasidan ommaviy axborot vositalariga bayonot bergan. Bu haqda 22-avgust kuni Prezident matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Xabarga ko‘ra, jurnalistlarga muzokaralarda qator masalalar muhokama qilingani aytib o‘tilgan. Jumladan, tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, xususan, Turkmanboshi va Boku portlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, zamonaviy logistika infratuzilmasini birgalikda shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlangan.

Milliy transport tizimlari integratsiyasini chuqurlashtirish maqsadida mintaqadagi mavjud va istiqbolli yo‘nalishlarni o‘zaro bog‘lash rejalari atroflicha muhokama qilingan. O‘zbekiston bu borada o‘zaro muvofiqlashgan siyosat yuritish tarafdori ekani taʼkidlangan.
“Bu, birinchi navbatda, xalqaro bozorlarga chiqishda biznes uchun qulay sharoitlar yaratish va tarif siyosati masalalaridir. Kaspiy dengizi orqali logistika infratuzilmasi va parom tashuvlarini rivojlantirish loyihalari ustida birgalikda ishlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, uch mamlakat o‘rtasida energetika sohasida - uglevodorod konlarini o‘zlashtirish va ishlab chiqarilgan elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi”, deyiladi manbada.

Matbuot anjumanida tovar ayirboshlash hajmini karrasiga oshirish va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini kengaytirish vazifalari muzokaralar kun tartibidan markaziy o‘rin egallagani aytilgan.
Milliy ishlab chiqaruvchilarning sifatli mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni rag‘batlantirish choralari ko‘rilishi hamda uch mamlakat hududlarining salohiyatini jalb etgan holda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratilishi taʼkidlangan.

Yetakchilar suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik tahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgani bildirilgan. Bundan tashqari, turizm va madaniy almashinuvlar sohasida qo‘shma dastur ishlab chiqiladi.
Qabul qilingan qaror va hujjatlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar vazirlar tomonidan “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshiriladi.
Shavkat Mirziyoyev tarixiy uchrashuv uch mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga, barqaror savdo, transport va energetika yo‘laklarini yaratishga, shuningdek, mintaqaviy integratsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilishini taʼkidlagan.
Avvalroq Turkmanistonda prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Ilhom Aliyev va turkman xalqi milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov uchrashgani xabar qilingandi. Muloqotda savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Muzokaralar yakunida tomonlar uchala davlat o‘rtasida qo‘shma bayonot imzolangan.
Izoh (0)