Samsung kompaniyasi katta ekran va keng akkumulyator sig‘imiga ega Galaxy Jump2 smartfonini taqdim etdi, deb xabar beradi GizmoChina.
Samsung Galaxy Jump2 telefoni tomonlar nisbati 20:9 bo‘lgan, Full HD+ sifat hamda 120 gertsli tasvir yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlovchi 6,6 dyuymli displey bilan jihozlangan. Ekran Gorilla Glass 5 shishasi bilan himoyalangan. Old qismida 8 megapikselli selfi kamera uchun qirqim mavjud.
Qurilmaning orqa kamerasi f/1.8 diafragmaga ega 50 megapikselli asosiy datchik, 5 megapikselli o‘ta keng burchakli obyektiv va bir juft 2 megapikselli makro suratga olish hamda chuqurlikni o‘lchash datchiklari bilan jihozlangan. Smartfon Android 12 operatsion tizimi asosidagi One UI 4.1 da ishlaydi.
336 dollarga baholanayotgan apparatning uzoq muddat ishlashiga 5000 mA/soatli akkumulyator xizmat qiladi, u 25 vattli tezkor quvvatlanish funksiyasiga ega. Shuningdek, smartfonning asosini 2,4 gigagerts takt chastotali Exynos 1280 protsessori tashkil etadi.
Gadjet 6 gigabayt tezkor va 128 gigabayt ichki xotira yordamida ishlaydi. Xavfsizlik qismiga yon tomonidagi barmoq izi skaneri javob beradi. Boshqa opsiyalari qatoridan ikkita SIM-karta, 5G, Wi-fi 802.11ac, Bluetooth 5.1, GPS, NFC chipi, USB-C porti va 3,5 millimetrli audiorazyomni qo‘llab-quvvatlashini keltirish mumkin.
Avvalroq Xiaomi ulkan akkumulyator sig‘imiga ega hamyonbop Redmi 10 Power’ni taqdim etgani, Vivo kompaniyasi ichidan meteorit bo‘lagi o‘rin olgan X Note Aerospace nomli maxsus smartfonini sotuvga chiqargani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)