Bundan 133 yil avval tiklangan Eyfel minorasi dunyoning eng betakror me’morchilik namunalaridan biridir. Yiliga deyarli 7 million sayyoh aynan shuni ko‘rish, suratga tushish uchun atayin Parijga keladi. “Daryo” bir vaqtlar shahar qiyofasiga putur yetkazadi deb jar solingan, fransuz ziyolilarining qurilishiga qarshi bo‘lgan minoraning butun mamlakat ramziga aylanish tarixiga to‘xtaladi.
Hammasi vaqtincha — ko‘rgazma uchun
Orzular va sevgi shahri bo‘lmish Parijda Eyfel minorasi Fransiya inqilobiga 100 yil to‘lgani munosabati bilan qad rostlaydi. 1889-yilgi Xalqaro ko‘rgazma arafasida shahar ma’muriyati Fransiyaning texnika va muhandislik bobida erishgan yutuqlarni ko‘zlash niyatida ulkan inshoot yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qiladi. Unga ko‘zga ko‘ringan, mashhur me’mor-u ustalar o‘z loyihalarini topshiradi.Deyarli barchasi bir-biriga o‘xshash qoralamalar orasida Fransuz inqilobini eslatadigan bahaybat gilotina va toshli minora loyihalari ham uchraydi. Ular bilan tanishib chiqqan hakamlar negadir Eyfel minorasini ma’qul topishadi. Ammo u vaqtda ushbu inshootni Parij ramziga aylantirish rejasi bo‘lmagan. 20 yildan keyin buzamiz, hozircha ko‘rgazma uchun darvoza bo‘laqolsin, deya qaror chiqarishadi.
Minora muallifi ulkan temir konstruksiyalari bilan tajribalar o‘tkazib tanilgan, bunga qadar Ozodlik haykalining ichki karkas (qobirg‘a)si, shuningdek, bir nechta temiryo‘l ko‘priklari, Viaduk Garabini loyihalashtirishga ulgurgan Gustav Eyfel hisoblanadi.
Ammo Eyfel minorasining dastlabki g‘oyasi Gustavga emas, uning ustaxonasida ishlaydigan muhandislar Emil Nuge va Moris Kyoshlenga tegishli edi. Garchi dizayni odamni o‘ziga maftun qilmasa-da, patentni o‘zi va hamkasblarining ismiga rasmiylashtirishga qaror qilgan Gustav keyinroq Nuge va Kyoshlendan ularning huquqlarini sotib oladi.
Avvaliga chizmada boshqacharoq minora aks etadi. Hozirgi qiyofasi paydo bo‘lishiga Gustav Eyfel va arxitektor Stefen Sovestromning hamkorlikdagi faoliyati sabab bo‘ladi.
Loyiha tasdiqlangach, xursandligidan og‘zi qulog‘iga yetgan Gustav Eyfel: “Fransiya 300 metrlik flagshtokga ega yagona mamlakat bo‘ladi!”, — deb ishonch bilan xitob qiladi.“Temir tasqara”
Qurilish ishlari uchun davlat budjetidan 1,5 million frank, bankdan 4 million frank ajratilgan bo‘lsa, qolgan mablag‘ni Gustav Eyfel o‘z yonidan ishlatadi. Umumiy miqdorda 7,8 million frank ishlatilgan.
U minorani belgilangan muddatda bitirish uchun avvaldan tayyorlab olingan qismlarni qo‘llashni afzal biladi. Qurilishda 18 000 ta temir detal, 2,5 million mixparchindan foydalaniladi. Vaqtdan yutish maqsadida mixparchin teshiklari oldindan tayyorlab olinadi. 2,5 million mixparchinning uchdan ikki qismi ham avvaldan o‘rnatiladi. Tayyorlab olingan to‘sinlarning hech biri 3 tonnadan og‘irroq bo‘lmagani ishni yanada osonlashtiradi. Shuning hisobiga metall qismlarni yuqoriga olib chiqish mashaqqat tug‘dirmay, maxsus kranlarda ko‘tarilgan. Minora balandlashgani sayin liftlar uchun o‘rnatilgan relslar bo‘ylab yuqoriga harakatlanadigan mobil kranlar ishlatilgan.
Eyfelning pastki qismi 4 ta ustundan iborat piramidalardan tashkil topgan. Balandligi deyarli 58 metrni tashkil qiladigan piramidalarni kvadrat platformaga joylashgan arka birlashtirib turadi. Ushbu platforma yana bir kichik o‘lchamdagi piramida uchun asos bo‘ladi. Balandligi 115,73 metrga yetadigan ikkinchi piramida boshqa bir ulkan piramidali ustun bilan tugallanadi.
Qurilish ishlarida 300 nafar ishchi ishtirok etganiga qaramay, ish vaqtida bironta ham o‘lim holati qayd etilmagani o‘sha vaqtga nisbatan va minoraning balandligidan kelib chiqilsa, e’tirof etsa arzigulik natija.
Gustavning kursdoshi Leon Edu tomonidan loyihalashtirilgan liftlar 10 yildan keyingina o‘rnatiladi. 1983-yilga kelib esa yangi va zamonaviy variantiga almashtiriladi. Asosi betondan bo‘lgan “temir xonim” ikki yil, ikki oy-u besh kunda qurib bitiriladi.
Metall qasrning zanglamasligi uchun elementlarning sirtini bo‘yash zarur. Har yetti yilda bir, 18 oy davomida Eyfelning hamma qismi bitta qoldirilmay bo‘yab turiladi. Buning uchun 57 tonna bo‘yoq sarflanadi.
Hali ish tugallanmay turiboq uning balandligi, o‘lchami atrofdagilarni hayratga sola boshlaydi. Gap shundaki, 1930-yili Nyu-Yorkda 319 metrlik Kraysler bilding qurilmagunigacha Eyfel 146 metrlik Xeops piramidasi, 151-161 metrlik Koln va Ulm (Germaniya) cherkovlaridan ham balandroq edi.
Gustav shamol kuchiga muvaffaqiyatli qarshi turish uchun bunday konfiguratsiya eng yaxshi variant ekanini tushintirishga urinadi. O‘tgan yillar esa uning qanchalik haq bo‘lganiga isbot bo‘la oladi. Shamol, bo‘ron va boshqa tabiiy hodisalarga qaramay, u avvalgidek tik, ko‘krak kerib turibdi.
Qurilish ishlari yakuniga yetganida balandligi 300 metrga yaqinni tashkil etgan minora bugungi kunda yuqori qismidagi antennalar sabab 330 metr deb ro‘yxatga olingan.Parij “yuzidagi chandiq”
Parij xaritasiga diqqat bilan nazar solinsa, Eyfel shaharning g‘arbiy qismi, Yen ko‘prigidan uzoq bo‘lmagan joy — Mars maydonida joylashganini ko‘rish mumkin.
Uning asos ustunlarini o‘rnatish deyarli yakuniga yetay deb qolganida keyingi qurilish ishlari davom etishiga qarshi ommaviy noroziliklar tobora avj oladi. Uni ko‘rarga ko‘zi yo‘q odamlar vaqti kelib aynan mazkur “temir tasqara” dunyoning eng oldi minorasi bo‘lishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Shunchaki yomon ko‘rish bilan cheklanmagan mamlakat ziyolilari Parijning betakror husniga putur yetkazadigan mazkur badbashara metall konstruksiyani qurish ishlarini darhol to‘xtatishni talab qiladi. Ma’muriyatga norozilik kayfiyati aks etgan murojaat yozgan 300 nafar yozuvchi, rassom va boshqa ijod vakillari orasida Aleksandr Dyumaning o‘g‘li, Gi de Mopassan va bastakor Sharl Guno ham bor edi.20 yil davomida biz temir va vintlardan iborat jirkanch ustunlarning shahar bo‘ylab qora siyohdek yoyiladigan yoqimsiz soyasini ko‘rishga majbur bo‘lamiz, — deb yoziladi murojaatda.Ammo shahar ma’muriyati muhandislarni qo‘llab-quvvatlab, qurilish ishlarini to‘xtatmasligini bildiradi. Hammasi iziga tushib ketishi uchun ortiqcha vaqt kerak bo‘lmaydi. Eyfel bo‘ylab ilk bor 1889-yil 31-martda yuqoriga chiqilgan bo‘lsa, 173 kun ichida uni ko‘rish uchun 2 milliondan ortiq odam tashrif buyuradi.
Gitler Fransiyani zabt etgandir, ammo Eyfelni emas
Vaqti kelib buzib tashlash rejalashtirilgan minoraning saqlab qolinishiga radioto‘lqinlar davri kirib kelgani, bundan esa turli jabhalarda samarali foydalanish mumkinligi sabab bo‘ladi. Gap shundaki, radioantennalarni o‘rnatish uchun undan yaxshiroq va balandroq minora yo‘q edi. Gustav Eyfel konstruksiyani radio, keyinroq esa teledasturlar uchun noyob maydon ekanini isbotlab berishning uddasidan chiqadi.
1898-yil oktabr oyida Ejen Dyukrete Eyfel minorasi va Panteon orasida telegraf aloqaning birinchi sessiyasini o‘tkazadi. Bunday tajriba harbiy maqsadlarda ham qo‘l kelishiga ishontiradi.
1906-yildan beri minorada doimiy radiostansiya mavjud bo‘lib, bir yil o‘tib uning ikkinchi qavatiga rus muhandisi Romeyko-Gurko tomonidan ishlab chiqilgan olti metrli elektr soatlari o‘rnatiladi. Qurilish ishlari ketayotgan vaqt minoraning uchinchi qavatida laboratoriya yaratiladi. 1908-yili uning bazasida birinchi yuqori balandlikdagi meteorologiya laboratoriyasi tashkil etiladi. Uzoq vaqt davomida faoliyat yuritgan laboratoriyada muhim statistik ma’lumotlar to‘planadi.
1914-yilda undagi radio ushlagich birinchi jahon urushi davrida general Jozef Simon Galliyeniga Marneda (Kontrataka) qarshi hujum tashkil qilish imkonini beradi.
1918-yil 1-noyabrda minoradan general Ferdinand Foshning “Kompen sulhi”ni imzolash haqidagi radiogramma matni e’lon qilinadi. 1921-yili minoraga o‘rnatilgan maxsus antennalar tufayli ilk bor to‘g‘ridan to‘g‘ri radioeshittirish efirga beriladi. 1922-yildan buyon esa “Eyfel minorasi” deb nomlanuvchi radio dasturi muntazam ravishda efirga uzatiladi.
1925-yilda minoradan televideniye signalini uzatish uchun birinchi urinishlar amalga oshiriladi. Muntazam televideniye dasturlarini uzatish 1935-yildan boshlanadi.
Ikkinchi jahon urushi vaqtida Parijga yaqinlashgan Gitler harbiy qo‘mondon Ditrix fon Xoltisga shahardagi boshqa diqqatga sazovor joylar qatorida Eyfel minorasini ham yo‘qotishga buyruq beradi. Biroq Xoltis buyruqqa bo‘ysunmaydi.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Gitler Parijga kelishidan bir necha kun avvalroq Eyfel minorasidagi lift ishdan chiqadi. Shunchalik jiddiy buzilganidan darhol tuzatishning iloji bo‘lmaydi. Fyurer esa Fransiyadagi eng baland inshootning tepasiga chiqa olmaydi. Lift ham Parij okkupatsiyachilardan ozod etilganidan keyin bir necha soat o‘tgachgina ishlab ketadi. Shu sabab ham fransuzlarda “Gitler Fransiyani egallaganiga qaramay, Eyfel minorasini zabt eta olmagan”, — degan gap bor.Parijdagi barcha yo‘llar Eyfelga olib boradi
Eyfel minorasining ko‘rinishidagi aynan nima yoqadi, degan savolga har bir sayyoh va parijlikning javobi turli bo‘lishi hamda bir-biridan farq qilishi mumkin. Gap shundaki, u doimiy ravishda o‘zgarib turadi va atrofidagi muhit ham har safar ayricha bo‘lishi mumkin. Rang-barang illyuminatsiya, 2004-yildan buyon pastki maydonga konki uchish uchun mo‘ljallab tashkil qilingan yaxmalak (katok), bog‘ — bu uzumdan bir shingil, xolos.
Minora hafta davomida har kuni tashrif buyuruvchilar uchun ochiq. Chiptalarni shimoliy, janubiy, g‘arbiy va sharqiy punktlardan sotib olsa bo‘ladi. Eng yuqori qavatga 26 yevro, o‘rtadagisiga 17 yevro evaziga ko‘tarilish mumkin. Aslida ikkinchi yarusga zinalar bo‘ylab chiqsa ham bo‘ladi — ammo buning uchun 10,5 dollar to‘lashi kerak.
Eng baland qavatidan turib butun Parijning go‘zalligini tomosha qilaman, deb o‘ylaganlar panjara borligini ko‘rib biroz ranjishi mumkin, lekin bu bejizga emas. Bugungacha undan deyarli 400 dan ortiq odam sakrab, o‘z joniga qasd qilgan va aynan shu sabab panjara o‘rnatilgan.
Eng yuqori nuqtada 50 dollar evaziga bir bokal, aniqroq aytganda plastik stakanda (bu ham xavfsizlik maqsadida) shampan vinosi ichish va qora uvildiriq (ikra)dan bahramand bo‘lish mumkin. Birinchi va ikkinchi qavatlaridagi bufetda oddiy sayyoh 7,5 yevro evaziga pitssa va sharbat sotib olishi mumkin. Shuningdek, birinchi qavat (yarusda)da ikki xil taomi 18 yevroga narxlangan “58 Tour Eiffel” restorani faoliyat ko‘rsatadi. Ikkinchi qavatda esa oddiy tushlik kishi boshiga 85 yevrodan to‘g‘ri keladigan qimmatroq Le Jules Verne restorani bor. Eng yuqori qavatdagi Champagne Bar’da esa sayyoh 10 yevroga ichimlik olib, butun Parij kaftdek ko‘rinadigan manzarani tomosha qilsa bo‘ladi.
Konstruksiya avvaliga qo‘ng‘ir, keyin esa sarg‘ish, och jigarrang tusga ham kirgan. Bugungi kunga kelib tillarang nur taratuvchi chiroqlar bilan bezalgan Eyfel u yoki bu tadbir-marosimga qarab onda-sonda rangini o‘zgartirib turadi. Eng yuqori qismiga o‘rnatilgan mayoq tufayli hatto 10 km uzoqlikdan ham ko‘rinib turadi.
Eyfel minorasining tarixi hech nimaga oldindan turib baho bermaslikka tayyor misol. Puxta va uzoqni o‘ylab qurilgan minora avval boshda tanqidlarga uchrasa-da, vaqt sinovidan o‘tdi, muhabbat ramziga aylandi, Parijni sayohatbop maskanlardan biri sifatida tanitdi.
Izoh (0)