Toshkent viloyatining Chirchiq tumanida yo‘lovchilarni tashishga mo‘ljallangan poyezd bir fuqaroni urib yubordi, deb xabar beradi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti.
Ma’lum qilinishicha, 16-fevral kuni Chirchiq transformator zavodida mazkur korxonaning ishchi xizmatchisi bo‘lgan Sh.K.ni Chirchiq tumani Chirchiq—Aranchi temir bekati 38-kilometrida Toshkent—Xojikent yo‘nalishidagi shaharlararo qatnovchi yo‘lovchi poyezdi urib yuborgan. Ko‘ngilsiz hodisa oqibatida jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.
Marhum ishlagan korxonada baxtsiz hodisa muhokamasi bo‘lib o‘tgan. “Yig‘ilishga taklif etilganlar tomonidan ishchi-xizmatchilarga temiryo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tmaslik, quloqchinlardan foydalanmaslik, temir yo‘l hududi o‘ta xavfli hudud ekani to‘g‘risida tushunchalar berib o‘tildi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkent viloyatida naushnik taqib, temiryo‘l bo‘ylab harakatlangan fuqaroni poyezd urib ketgani, Toshkent viloyatida “elektrichka” temiryo‘l relslari orasida yotgan mast erkakni turtib yuborgani, Xorazmda temiryo‘l relsi yonida uxlab qolgan mast fuqaro sabab Xiva—Toshkent poyezdi 16 daqiqa to‘xtab qolgani, Samarqandda yuk poyezdi quloqchin taqqan yigitni urib ketmaslik uchun favqulodda to‘xtashni amalga oshirgani, Samarqand viloyatida poyezd urib ketishi oqibatida uch kishi, jumladan, 8-sinf o‘quvchisi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)