Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yangihayot tumaniga tashrifi davomida yangi texnopark maydonida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, 2021-yil 4-fevral kuni prezidentning “Toshkent shahrida ‘Yangihayot’ industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Davlat rahbari Yangihayot tumaniga tashrifi chog‘ida ushbu texnopark quriladigan maydonini ko‘zdan kechirgan.
Majmua uchun 210 gektar maydon ajratilgan. Shundan 150 gektari ikki bosqichda auksion savdolariga chiqariladi. Tadbirkorlar sotib olingan yerning mulkdori bo‘ladi va korxonalarni o‘zlari quradi.
“Toshkentda yer tanqis, kelgusida bunday maydonlar topilmaydi. Har bir qarich yerdan unumli foydalanish kerak. Shuning uchun korxonalar ko‘p qavatli qilib qurilgani ma’qul”, — deydi prezident.
Bu yerda joylashtiriladigan korxonalarda 20 ming ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan. Texnopark ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shu asosda aholini ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu yerda Yangihayot tumanidagi korxonalar mahsulotlari ham namoyish etilgan.
Izoh (0)