Uzbekistan GTL va ExxonMobil O‘zbekistondagi GTL zavodi negizida sintetik moylar ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.
15-fevral kuni Dubayda o‘tkazilgan “Ekspo-2020” xalqaro ko‘rgazmasida Uzbekistan GTL kompaniyasi vakillari ExxonMobil delegatsiyasi bilan biznes-uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda GTL zavodida ishlab chiqariladigan va neft-kimyo sanoati uchun qimmatli xomashyo hisoblangan sintetik neftdan sintetik moylar ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bugungi kunda sintetik moylar ekspluatatsion xususiyatlari bo‘yicha mineral moylarga nisbatan sezilarli ustunlikka ega va shuning uchun ularga bo‘lgan talab har yili ortib bormoqda.
ExxonMobil vakillari mazkur loyihani amalga oshirish jarayonini birgalikda batafsil o‘rganishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
O‘zbekistondagi GTL zavodi negizida 100 ming tonnagacha sintetik moylar ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu kelajakda respublikada yuqori sifatli motor moylarini to‘laqonli ishlab chiqarishni yaratish imkonini beradi.
ExxonMobil jahon energetika bozorining ortib borayotgan talabini qondirish uchun texnologik yutuqlar va innovatsiyalarni qo‘llaydigan dunyodagi eng yirik neft kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Kompaniya sanoatdagi eng yirik ishlab chiqarish resurslariga ega va neft mahsulotlari va neft-kimyo mahsulotlarini qayta ishlash, ishlab chiqarish va marketingi bo‘yicha dunyoning eng yirik kompaniyalaridan biridir.
Avvalroq Qashqadaryoda qiymati salkam 3,5 mlrd dollarlik Uzbekistan GTL zavodi ishga tushirilgan edi.
Izoh (0)