Apple kompaniyasi yangi arzon iPhone va yangilangan iPad’ni 8-mart yoki yaqin kunlarda taqdim etishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda taqdimotlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatilishi mumkin.
Kompaniya 2022-yilga o‘z maqsadlarini belgilamoqda. Mart oyidagi tadbirlar Apple bir yil ichida o‘zining eng ko‘p yangi qurilmalarini taqdim etishini ko‘rsatmoqda.
Rejalashtirilgan muddatga hali bir oydan ko‘proq vaqt borligini hisobga olsak, ishlab chiqarish kechikishi yoki boshqa sabablarga ko‘ra kompaniyaning rejalari o‘zgarishi mumkin. Apple matbuot kotibi kompaniyaning rejalari haqida izoh berishdan bosh tortgan.
Yangi telefon iPhone SE modelining ikki yil ichida birinchi yangilanishi bo‘lib, 5G tarmog‘i imkoniyatlari, yaxshilangan kamera va kuchliroq protsessorni qo‘shadi. Ammo dizaynning o‘zi 2020-yil aprel oyida taqdim qilingan versiyaga o‘xshash bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, yangi iPad kuchliroq protsessor va 5G imkoniyatiga ega bo‘lgan Air modelining yangilanishi bo‘ladi. Apple tomonidan ishlab chiqilgan chiplarga ega yangi Mac ham mart oyining boshida taqdim qilinishi mumkin.
Avvalroq Apple kapitalizatsiyasi 3 trln dollarga yetgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)