Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni chorvachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, sohada ilg‘or texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash uchun chorva va parrandalar tarqatish tajribasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda kooperatsiya orqali chorvani ko‘paytirish vazifasi qo‘yilgan va namunali tajribalar ko‘rsatib o‘tilgan:
- hokim yordamchisi va fermer xo‘jaligi hamkorligida aholiga qoramol hamda qo‘y va echki tarqatilgan, yetishtirilgan sut va go‘shtni sotib olish yo‘lga qo‘yilgan Mirishkor tajribasi;
- tomorqa xizmati korxonasi aholiga 2-3 tadan naslli qoramol tarqatgan, veterinariya xizmatlarini bepul ko‘rsatayotgan, gidroponika usulida ozuqa yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan Chust hamda yer resurslari cheklangan sharoitda xonadonlarda 20 tagacha zotli qoramol boqilayotgan Baliqchi tajribasi.
Parrandachilik korxonasi aholiga 50—100 bosh xonaki parranda va inkubator tarqatgan, mingtadan tuxum sotib olish va parranda ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan Taxiatosh tajribasi alohida qayd etilgan.
Ushbu tajribalardan kelib chiqib mutasaddilarga quyidagi topshiriqlar berilgan:
- 15-martga qadar har bir tumanda kamida 5 tadan mahallada Mirishkor tajribasini yo‘lga qo‘yish;
- 1-mayga qadar tomorqa xizmati korxonalari orqali Chust va Baliqchi tajribalarini barcha tumanlarda joriy etish va buning uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 300 milliard so‘m ajratish;
- 1-iyunga qadar Taxiatosh tajribasi asosida har bir viloyatda kamida 2 tadan loyihani ishga tushirish;
- 1-sentabrga qadar har bir viloyatda kamida 2 mingtadan xonadonga naslli chorva mollarini tarqatishni tashkil etish.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning noyabrida prezident Shavkat Mirziyoyev aholi daromadini oshirish va bozorlar to‘kin-sochinligini ta’minlash uchun, har bir xonadonda kamida 100 ta parranda, 20 ta quyon, 5-6 ta qo‘y va echki, 5 ta asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish shart ekanini ta’kidlagandi.
Izoh (0)