Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni Xitoyning Pekin shahrida XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev Pekinda qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan muloqot qilgan.
“Tashrif bilan Pekinda bo‘lib turgan prezident Shavkat Mirziyoyev qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan muloqot qildi”, — deyiladi xabarda.
E’lon qilingan suratlardan ko‘rish mumkinki, O‘zbekiston prezidenti BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Misr prezidentlari bilan muloqot qilgan.
Ma’lumot uchun, XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi xorijiy davlatlar yetakchilari, rasmiy delegatsiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Pekindagi “Qush uyasi” milliy stadionida o‘tkazildi.
Marosimdan so‘ng Millatlar paradi bo‘lib o‘tgan. Qishki Olimpiadada ishtirok etayotgan mamlakatlarning sport delegatsiyalari, shu jumladan, O‘zbekiston jamoasi stadion bo‘ylab yurdi. O‘yinlarda O‘zbekiston nomidan qatnashayotgan tog‘ chang‘ichisi Komiljon To‘xtayev mamlakat bayrog‘ini ko‘tarib o‘tgan.
Izoh (0)