Ashxobodda qora rangli tibbiy niqoblardan foydalanish butunlay taqiqlandi. Oldinroq avtomobil haydovchilaridan oq niqobda yurish talab etilayotgandi, deb xabar beradi “Turkmen.news”.
Nashr manbalariga ko‘ra, endilikda politsiyachilar qora niqob taqqan yo‘lovchilarni to‘xtatmoqda. Ular buning sababini izohlamay, bu haqida “hammaga aytilganini” bildirmoqda.
Politsiya xodimlari “qoidabuzarlardan” 50 manat miqdorida jarima to‘lashni talab qilmoqda (jamoat joyida niqobsiz yurish uchun 21 manat jarima belgilangan). Agar fuqaro jarimani joyida to‘lasa, qo‘yib yuborilyapti. Bahslashishga urinsa, bo‘linmaga olib ketilayotgani aytilmoqda.
Shuningdek, qora niqoblarga qarshi “kurash” maktablarda ham boshlangan. Bu kabi niqobdagilar suratga olinib, ularning ota-onalaridan 50 manat (14,3 dollar) talab qilinyapti.
YPX xodimlari ashxobodlik haydovchilardan oq niqobda yurishni 2021-yil dekabridan buyon talab qilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi boshlangan vaqtda Turkmanistonda niqob taqish taqiqlangan edi. Niqobda yurganlar “vahima uyg‘otishda” ayblangan. 2020-yil iyulida JSST missiyasining tashrifidan so‘ng, hukumat epidemiyaga qarshi sanitariya qoidalarini joriy eta boshladi, jumladan, majburiy niqob taqish. Shu bilan birga, mamlakatda koronavirus rasman aniqlanmagan.
Avvalroq Turkmanistonda koronavirus haqida she’r yozgan bloger 5 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2014-yilda turkmanistonlik mansabdorlar qora Mercedes’larini oq rangdagilariga almashtirishga majbur qilingandi. 2015-yilda Turkmanistonda qora rangdagi avtomobillarni mamlakatga olib kirish taqiqlab qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalgan. 2021-yil dekabriga kelib ashxobodlik haydovchilar ko‘zguni tutib turuvchi qora plastiklarni ham oq rangga bo‘yashga majburlangan.
Izoh (0)