Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatida 1-yanvar kuni o‘t o‘chirish moslamasi portlatilgani aks etgan foto va videolavhalar tarqaldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tezkor qidiruv, surishtiruv ishlari olib borgan. Natijada qonunbuzarlikni sodir etgan shaxs Sirdaryo tumani “Do‘stlik” mahallasida yashovchi fuqaro (2003-yilda tug‘ilgan) ekani aniqlangan.
Fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 185-2-moddasi (sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish) bilan aybli deb topilgan. Unga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida ham fuqarolar Yangi yilni nishonlash maqsadida qo‘lbola “ognetushitel” portlatgandi. Holatni videoga olayotgan 3 kishi jarohatlangan. Shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holat bo‘yicha 4 kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda pirotexnika buyumlari muomalasi sohasida davlat nazorati kuchaytirilib, bir oydan ko‘proq vaqt davomida 2,1 milliard so‘mlik qariyb 6 mln dona pirotexnika vositalari musodara qilingandi.
Izoh (0)