Yevropada koronavirusga chalinganlar soni ketma-ket ikkinchi kun o‘z rekordlarini yangilamoqda. Bemorlar soni bo‘yicha sutkalik maksimal ko‘rsatkich uchta mamlakatda — Gretsiya, Italiya va Shveysariyada qayd etilgan.
Gretsiyada o‘tgan kun davomida 35 580 kishi COVID-19 bilan kasallangan, 72 kishi vafot etgan. Gretsiya milliy sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, mamlakatda virus bilan kasallanganlarning umumiy soni 1,17 milliondan oshdi, vafot etganlar esa 20 ming kishini tashkil etmoqda.
Italiyada bir sutkada kasallanganlar soni birinchi marta 100 mingdan oshdi – o‘tgan kun davomida mamlakatda 126 888 kishida virus aniqlangan, 156 kishi vafot etgan, deb yozmoqda Reuters mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib. Mamlakatda kasallanganlar soni 5,9 milliondan oshdi, vafot etganlar esa 137 ming nafarni tashkil etmoqda.
Shveysariyada bir kecha-kunduz davomida yana 19 032 kishida COVID-19 qayd etilgan, 23 kishi vafot etgan. Bu haqda mahalliy federal sog‘liqni saqlash boshqarmasi Twitter’da ma’lum qilgan. Mamlakatda kasallanganlar soni 1,3 milliondan, vafot etganlar esa 12 ming nafardan oshdi.
Shuningdek, AQShda o‘tgan kun davomida yarim milliondan ortiq odamda koronavirus aniqlangan. Bu hafta Buyuk Britaniya, Portugaliya, Fransiyada ham infeksiya yuqtirganlar soni bo‘yicha rekordlar yangilangandi. Rossiyada koronavirusdan kunlik kasallanish va o‘lim darajasi pasaymoqda. Mamlakatda ketma-ket uchinchi kun 22 mingdan kam odam COVID-19 bilan kasallangani aniqlandi.
O‘zbekistonda 29-dekabr kuni so‘nggi 6 oy ichida ilk bor koronavirusdan o‘lim holati qayd etilmagani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)