Bangkok rasmiylari koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan barcha ommaviy tadbirlarni bekor qildi. Bu haqda Tailand hukumatiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, xususiy tashkilotlarga oldingidek bayram tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat berilgan, biroq ular qator qat’iy cheklov choralarga rioya qilishi lozim, jumladan, COVID-free qoidalariga. Shuningdek, bu kabi tadbirlarga tashrif buyuruvchilar kamida 72 soat oldin olingan testning salbiy natijasini taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Bir kun oldin Tailandda 2,5 ming kishida koronavirus aniqlandi, 22 kishi COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. Mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon 2,1 million ortiq odamda koronavirus tasdiqlangan.
Avvalroq Germaniyada koronavirusning “omikron” shtammiga chalingan odamlar orasida birinchi o‘lim qayd etilgandi. 20-dekabrdan Germaniya “omikron” shtammi tufayli britaniyaliklarning mamlakatga kirishini cheklagan.
Niderlandiya hukumati “omikron” shtammi tarqalishi tufayli Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib lokdaun joriy qilgan. Isroil hukumati tez tarqalayotgan “omikron” shtammiga qarshi kurashish uchun 60 yoshdan oshgan fuqarolarning barchasiga vaksinaning to‘rtinchi dozasini olishni tavsiya qilgan.
Izoh (0)