Belgiyada koronavirusning “omikron” shtammi tarqalishi tufayli 26-dekabrdan boshlab pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha qat’iyroq choralar joriy etildi. Mamlakatda kinoteatrlar, teatrlar, konsert zallari va boshqa ko‘ngilochar tashkilotlar yopiladi. Sport o‘yinlariga tomoshabinlar qo‘yilmaydi.
Yangi cheklovlarga ko‘ra, Belgiyada olti yoshdan katta o‘quvchilar maktablarda niqob taqishi shart. Ta’lim muassasalari vaqtidan oldin ta’tilga yopilgan, ular 10-yanvarda ochiladi. Kompaniyalar imkon qadar xodimlarini masofadan ishlashga o‘tkazishi zarur. Xodimlar haftada kamida to‘rt kun uydan ishlashi kerak.Belgiya hukumati sayti xabariga ko‘ra, cheklovlar bo‘yicha qaror 22-dekabr kuni qabul qilingan. Mamlakatda koronavirus bilan kasallanishning kamayishi kuzatilgan bo‘lsa-da, “omikron” ustun shtammga aylanmoqda. Mamlakatda aholining 76 foizi, jumladan, bolalar ham emlangan.
Avvalroq Germaniyada koronavirusning “omikron” shtammiga chalingan odamlar orasida birinchi o‘lim qayd etilgandi. 20-dekabrdan Germaniya “omikron” shtammi tufayli britaniyaliklarning mamlakatga kirishini cheklagan.
Niderlandiya hukumati “omikron” shtammi tarqalishi tufayli Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib lokdaun joriy qilgan.
Isroil hukumati tez tarqalayotgan “omikron” shtammiga qarshi kurashish uchun 60 yoshdan oshgan fuqarolarning barchasiga vaksinaning to‘rtinchi dozasini olishni tavsiya qilgan.
Mavzuga doir:
- Angliya koronavirusga qarshi kurashning “B rejasi”ni e’lon qildi. Mamlakatda 500 dan ortiq odamda “omikron” shtammi aniqlangan
- Janubiy afrikalik olimlar Pfizer vaksinasi “omikron” shtammiga qarshi samarasiz ekanini aniqladi
- Tailandda ilk bor “omikron” shtammini mamlakat ichida yuqtirish holati qayd etildi
Izoh (0)