Surxondaryoda 1,7 million aholini aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan yirik loyihani boshlashga start berilgandi. Davlat xaridlari portali ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning o‘zida bosh pudratchi bilan 527 milliard 428 million so‘mlik shartnoma imzolandi. Bunga Telegram’dagi “Davletovuz” kanali e’tibor qaratdi.
Qayd etilishicha, bundan 317 milliard 428 million so‘m Rossiyadan po‘lat quvurlar keltirishga yo‘naltiriladi. Loyihani 2023-yilda yakunlash ko‘zda tutilgan bo‘lib (dastlabki ma’lumotlarda 2024-yilda ishga tushirilishi aytilgandi), hukumat qarori bilan To‘palang HPD Platinum bosh pudratchi sifatida tendersiz tanlab olingan.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, To‘palang HPD Platinum MChJning yagona ta’sischisi To‘palang HPD Holding MChJ hisoblanadi. Mazkur xolding ulushining katta qismi — 61,70 foizi Abdurahmonov Islom Abdug‘aniyevichga tegishli. U, ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, senator Sanginov Abdug‘ani Abdurahmonovichning o‘g‘li bo‘ladi.
138 million dollarlik loyihaning texnik-iqtisodiy asoslantirilishi “Gidroproyekt” AJ tomonidan ishlab chiqilgan. “Gidroproyekt”ning 71,86 foiz ovoz beruvchi aksiyalariga “O‘zbekgidroenergo” AJ egalik qiladi.
Izoh (0)