O‘zbekiston tarixida professional boksda ikkita chempionlik kamariga ega chiqqan ilk sportchi Murodjon “Kaka” Ahmadaliyev 20-noyabr tongida chililik Xose Velaskesga qarshi ringga ko‘tariladi. Mazkur jangda o‘zbekistonlik bokschi WBA va IBF kamarlarini himoya qiladi. “Daryo” Murodjon Ahmadaliyevning shu kunga qadar bosib o‘tgan yo‘liga nazar soladi.

Foto: Getty Images

Murodjon Ahmadaliyev 1994-yilning 2-noyabrida Namangan viloyati Chust tumanida tavallud topgan. Bolaligidanoq sportga mehr qo‘ygan Murodjon 10 yoshidan boks bilan shug‘ullana boshlaydi. 2007-yilda Toshkentning Olimpiya zaxiralari maktabiga qabul qilinadi.

Havaskor boksdagi faoliyati

Murodjon 2012-yil yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida -49 kg vazn toifasida ishtirok etadi va kumush medal sohibi bo‘ladi. 2013-yilda O‘zbekiston chempioni, Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan Gubernator Kubogi g‘olibi va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati ishtirokchisiga aylanadi.

2014-yilda ham mamlakat chempionligini qo‘lga kiritadi. 2015-yil Dohada (Qatar) o‘tkazilgan boks bo‘yicha Jahon chempionatida -56 kg vazn toifasida finalga qadar yetib boradi. Murodjon finalda Maykl Konlanga 0:3 hisobida imkoniyatni boy beradi va kumush medal bilan kifoyalanadi. O‘sha yilning o‘zida Bangkokda (Tayland) bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ham kumush medal sohibiga aylanadi.

2016-yilda Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida -56 kg vazn toifasida ishtirok etadi. Turnirdagi ishtirokini qozog‘istonlik Qayrat Yeraliyevni mag‘lub etish bilan boshlagan Ahmadaliyev, chorak finalda argentinalik Alberto Melianni 1-raundning o‘zidayoq nokautga uchratgandi. Final oldidan u kubalik Robeysi Ramiresga qarshi jang qildi. Mazkur jangda o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi ochkolar bo‘yicha imkoniyatni boy berib qo‘yadi va Rio Olimpiadasini bronza medali bilan yakunlaydi.

Foto: Getty Images

2017-yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritadi. O‘sha yilning o‘zida Germaniyaning Gamburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan so‘ng Murodjon Ahmadaliyev professional boksda o‘zini sinab ko‘rishga qaror qiladi.

Professional boksdagi faoliyati

Murodjon 2018-yilning 3-mart kuni Andrey Ryabinskiyning “Mir boksa“ promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi. Vadim Kornilov Ahmadaliyening menejeri, Joel Diaz esa murabbiyiga aylanadi.

2018-yilning 10-mart sanasida Murodjon professional boksdagi debyut jangini o‘tkazadi. Ikkinchi yarim yengil vazn (-55,34 kg) toifasida harakat qilgan Ahmadaliyev Bruklinda bo‘lib o‘tgan jangning birinchi raundida argentinalik David Pazni nokautga uchratadi.

Foto: Instagram / Murodjon Ahmadaliyev

Oradan bir oy o‘tib, 21-aprelda Murodjon ikkinchi jangini o‘tkazadi. Bruklindagi Kings Theatre arenasi mezbonlik qilgan jangda o‘zbekistonlik bokschi argentinalik Karlos Gaston Suaresga qarshi ringga chiqadi. Ahmadaliyev jangni muddatidan avval yakunlab, prof boksdagi ikkinchi g‘alabasiga erishadi.

Murodjon 2018-yilning o‘zida yana 3 ta jangda ishtirok etadi (Luis Molina, Ramon KontrerasIsak Sarate) va barchasida g‘alaba qozonadi.

2019-yilda meksikalik sobiq chempion, jahon chempionligi kamariga da’vogar Karlos Karlson ustidan g‘alaba qozonadi. Ahmadaliyev 8 raundga mo‘ljallangan reyting jangida Murodjon to‘liq ustunlik ega bo‘ladi va 3-raund tugashiga 9 soniya qolganida raqibini nokautga uchratishga muvaffaq bo‘ladi.

Chempionlik jangi

O‘zbekistonlik bokschi chempionlik kamari uchun jang qilish huquqini qo‘lga kiritadi. 2020-yil 31-yanvarda WBA va IBF kamarlari sohibi Daniel Romanga qarshi ringga ko‘tariladi. Chempionlik kamarlari uchun kechgan 12 raundlik jang to‘liq davom etadi. Hakamlar qaroriga ko‘ra, o‘zbekistonlik bokschi g‘olib deb topiladi. Ikkita hakam Ahmadaliyev foydasiga 115:113 hisobini qayd etgan bo‘lsa, yana biri 113:115 hisobida Roman foydasiga qaror chiqargandi.

Foto: Getty Images

Shu tariqa Murodjon professional boksda sakkizinchi jangidayoq WBA va IBF yo‘nalishlarida chempionlik kamarlari sohibi bo‘ldi. Bu orqali u professional boksda 42 yillik rekordni takrorladi. Bungacha prof boksda faqat Leon Spinks 8 ta jangdan keyin ikkita chempionlik kamarini qo‘lga kiritgandi. Leon 1978-yilda hakamlar qaroriga ko‘ra afsonaviy Muhammad Alini mag‘lub etib, super og‘ir vazn toifasida WBC va WBA kamarlariga ega chiqqan edi.

Undan tashqari Murodjon O‘zbekiston tarixida bir yo‘la ikkita kamarga ega chiqqan ilk bokschiga aylandi.

Toshkentdagi jang

Ahmadaliyev 2021-yil 3-aprel sanasida Toshkent shahridagi Humo Arena maydonida majburiy da’vogar yaponiyalik Ryosuke Ivasaga qarshi ringga ko‘tariladi.

Foto: World of Boxing

Bellashuv Ahmadaliyevning faolligi bilan boshlandi. Dastlabki uch raund to‘liq Murodjonning ustunligida o‘tdi. To‘rtinchi raundga kelib yaponiyalik bokschi vaziyatni biroz o‘nglashga erishdi. Beshinchi raundda Ahmadaliyev zarbalar seriyasini ijro etdi va hakam jangni muddatidan avval to‘xtatdi. Ahmadaliyev mazkur g‘alabadan keyin o‘z kamarlarini himoya qildi.

Navbatdagi sinov

Murodjon Ahmadaliyev 20-noyabr tongida chempionlik kamarini himoya qilish uchun chililik Xose Velaskesga qarshi jang qiladi. AQShning (Nyu-Gempshir shtati) Manchester shahrida bo‘lib o‘tadigan kechaning markaziy jangida o‘rta vazn toifasidagi Jeyson Kuingli WBO chempioni Demetrius Andradega qarshi ringga ko‘tariladi.

18-noyabr kuni bokschilar tarozidan o‘tdi. Ahmadaliyev 55,2 kg, Velaskes esa 55,1 kg tosh bosdi.

Muallif:Ma’rufjon Ochilov