Prezident Shavkat Mirziyoyev olimlar, shifokorlar, farmatsevtlar, hamshiralar va tizim xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vazirlik tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, mavjud muammo va kamchiliklarni kamchiliklarni ijobiy hal qilish maqsadida maxsus Call-markazni ishga tushirdi. Ushbu Call-markazning 1295 raqami orqali fuqarolar hamda soha mutaxassislari o‘z takliflarini bildirishi mumkin.
Bu murojaatlarning aksariyati Call-markazga biriktirilgan mutasaddilar tomonidan hal qilinsa, bir qismi olimlar, shifokorlar, farmatsevtlar, hamshiralar va tizim xodimlari bilan bo‘ladigan ochiq muloqotda prezidentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkaziladi.
“Mazkur Call-markaz Yangi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining buguni va ertasiga befarq bo‘lmagan tibbiyot xodimlarining faoliyatlari bilan bog‘liq masalalar, tizimdagi muammolar va sohani yanada rivojlantirishga turtki beradigan g‘oya va takliflari uchun ishlashni boshladi.
Qadrli soha vakillari, murojaat yo‘llash orqali sog‘liqni saqlash tizimi taraqqiyotiga o‘z hissangizni qo‘shasiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning ilk ochiq muloqoti 2021-yilning 20-avgustida tadbirkorlar bilan o‘tkazildi. Unda jami 10 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Izoh (0)