O‘zbekistonda ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlarini sodir etib, jazo muddatini o‘taganlarga nisbatan farzandlikka va vasiylikka olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Senatning 30-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan 19-yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bugunga kelib farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka olganlarga nisbatan ancha yuqoriligicha qolmoqda. Oqibatda noqonuniy yo‘llar bilan farzand asrab olish, shu jumladan, bola savdosi bilan bog‘liq holatlar uchramoqda.
Shu bois farzandlikka olish borasidagi ishlar tahlili hamda qonunchilikda mavjud tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.
Mazkur qonun bilan Oila kodeksi hamda “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Qonun bilan ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlarini sodir etib, jazo muddatini o‘taganlarga nisbatan farzandlikka va vasiylikka olish imkoniyati yaratilmoqda.
Shuningdek, bolaning eng ustuvor manfaatlarini hisobga olgan holda, farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.
Senat xabarida ta’kidlanishicha, ushbu qonunning qabul qilinishi bola huquqlarining himoya qilinishi to‘laqonli ta’minlanishi va bolalarni noqonuniy farzandlikka olish, ayniqsa, bola savdosining oldini olish maqsad qilingan.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda chaqaloqlar savdosi yildan yilga ortib bormoqda. Bunday jinoyatlarning sabablari ma’lum qilindi
- “Bizni xalqaro tashkilotlar ko‘p tanqid qilmoqda”. Tanzila Norboyeva chaqaloq savdosi aybdorlariga yengil jazo qo‘llanilayotgani haqida
- Tanzila Norboyeva bir yilda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning qanchasi oilalarga farzandlikka berilayotganini ma’lum qildi
Izoh (0)