O‘zbekistondagi “Mening yurtim” (MY5) telekanali mualliflik huquqlarini buzgani uchun jarimaga tortildi, deya xabar qilmoqda Intellektual mulk agentligi.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 11-avgust kuni Intellektual mulk agentligiga “O‘zbekiston kino ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi” a’zolarining mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi murojaati kelib tushdi.
Murojaatda MY5 telekanali tomonidan “O‘zbekiston kino ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi”ning o‘z a’zolariga tegishli bo‘lgan kinofilmlar ularning ruxsatisiz va shartnoma tuzmasdan efirga uzatilgani ta’kidlangan.
Mazkur ma’muriy ish materiallari Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, “Mening yurtim” telekanalining mansabdor shaxsiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-1-moddasi (mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan.
Bundan avval Sherali Jo‘rayevning qo‘shig‘ini ruxsatsiz kuylagan SanJay ma’muriy javobgarlikka tortilgani hamda “Shaytanat” seriali videoparchalaridan zig‘ir oshi uchun reklama sifatida foydalanib, mualliflik huquqini buzgan fuqaro jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)