Litvada bahordan migratsiya inqirozi boshlandi. Mamlakatga Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlaridan yuzlab fuqaro — bari Belarus orqali — kirib kelmoqda. O‘tgan yil bilan taqqoslaganda, Belarus—Litva chegarasi orqali o‘tayotgan noqonuniy muhojirlar oqimi 39 barobarga oshgan. Litva Belarusni noqonuniy muhojirlarga ko‘mak berishda allaqachon ayblab bo‘ldi, bunday muhojirlar uchun mamlakatda yashash tartib-qoidalarini kuchaytirdi va chegarada tikan simli devor o‘rnata boshladi. Litvaning Litvaning 15min va LRT, shuningdek, Belarusning “Reform.by” va “Mediazona Belarus” nashrlari muhojirlar Litvaga qanday kirib kelayotgani, buning uchun qancha haq to‘layotgani va kimdan yordam olayotgani haqida materiallar tayyorladi, Meduza esa ushbu surishtiruvlarni umumlashtirdi.
Litvadagi migratsiya bilan bog‘liq vaziyat haqida
Litva 2020-yilning yozida Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari qatori Aleksandr Lukashenko g‘olib deb e’lon qilingan Belarusdagi prezident saylovi natijalarini tan olmadi. Vilnyus Lukashenkoga qarshi sanksiyalar joriy etib, uning saylovdagi raqibi, Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaga boshpana berdi. Saylovdan so‘ng siyosiy sabablarga ko‘ra vatanini tark etishga majbur bo‘lgan aksariyat belaruslar ham Litvaga ko‘chib o‘tgan.Litva 2021-yil bahorida, Belarus bilan munosabatlar yomonlashuvi ortidan, mamlakatga kirib kelayotgan noqonuniy muhojirlar soni o‘sib borayotganini e’lon qildi. Butun 2020-yil davomida Litvada shu kabi muhojirlarning 81 nafari qo‘lga olingan edi. 2021-yilning birinchi yarim yilligining o‘zida 800 nafar noqonuniy muhojir tutildi. 28-iyulga kelib Litvaga Belarus orqali kirishga uringan 3145 kishi ushlandi. Litva chegarachilariga chap berib, chegarani kesib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan muhojirlar soni noma’lum.
Migratsion inqiroz tufayli Litvada ekstremal holat tartibini e’lon qildi, Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarini himoya qilish bo‘yicha Frontex agentligidan yordam so‘radi va Belarus bilan chegarada qo‘shimcha to‘siqlar o‘rnatishga qaror qildi (chegaraning uzunligi 679 kilometr). Litvaliklar tikanli simdan to‘siq tortishni allaqachon boshlab yuborgan, ammo sim yetmay qoldi. Bu borada Estoniya va Ukraina unga yordam taklif qildi.
Litva va Belarus rasmiylari yuzaga kelgan vaziyat nima deyapti?
Vilnyus Minskni noqonuniy muhojirlar oqimini tashkil etganlikda ayblamoqda. Litva tashqi ishlar vaziri Gabriyelyus Landsbergisning ta’kidlashicha, Belarus rasmiylari davlat sayyohlik agentliklari orqali chet elliklarni qasddan Litva bilan chegaraga yubormoqda. Litva ichki ishlar vaziri Agne Bilotayte noqonuniy migratsiyaning o‘sishini “gibrid urush unsuri” deb atadi.Minsk esa noqonuniy muhojirlarga ko‘maklashayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib, va ularni ushlab qolish uchun — xuddi avvalgidek — barcha choralarni ko‘rayotganini ta’kidlamoqda. Belarus parlamentining yuqori palatasi (Respublika Kengashi)ning xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi rahbari Sergey Rachkovning so‘zlariga ko‘ra, migratsiyaning o‘sishi pandemiya va Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida iqtisodiy muammolarning keskinlashgani bilan bog‘liq.
Ammo Lukashenkoning nuqtai nazari uning qo‘l ostidagi amaldorlarnikidan farqli. U muhojirlarning Litva bilan chegaradan noqonuniy o‘tishiga Belarus rasmiylari xalal bermasligini ochiqchasiga aytmoqda va u ham buni gibrid urush deb izohlamoqda. “Biz narkotiklar va muhojirlarni to‘xtatib qolayotgan edik — endi ularni o‘zingiz yeb, tutasiz”, — degandi u, may oyida Ryanair samolyoti Minskka majburiy qo‘ndirilganidan so‘ng.
“Bugun ular (G‘arb mamlakatlari) dod solyapti. Eh, belaruslar ularni himoya qilmay qo‘ydi. Ming-minglab noqonuniy muhojirlar Litva, Latviya va Polshaga o‘zini uryapti. Ulardan so‘raging keladi: siz, nima, tamoman aqldan ozganmisiz? Siz bizga qarshi gibrid urush boshladingiz, endi bizdan yana avvalgidek sizni himoya qilishimizni talab qilasizmi?”, — degandi Lukashenko iyun oyida, Belarusga qarshi Yevropa Ittifoqining tarmoq sanksiyalari joriy etilishidan biroz oldin.
Sanksiyalarga javoban Belarus Yevropa Ittifoqi bilan redmissiya to‘g‘risidagi shartnomani to‘xtatdi (shartnomaga muvofiq, Belarus Yevropa Ittifoqidan deportatsiya qilingan Belarus fuqarolari yoki Belarusdan viza olgan uchinchi davlat fuqarolarini qayta qabul qilishi lozim edi). Endi Belarus orqali Litvaga kirib kelayotgan uchinchi mamlakat muhojirlarini yana Belarusga qaytarib yuborish imkoni yo‘q. Ularni endi faqat qaysi davlat fuqarosi bo‘lsa, o‘sha yergagina deportatsiya qilish mumkin. Litvada esa hozir Iroq, Turkiya, Suriya va Afrika mamlakatlardan kelgan muhojirlar ushlanmoqda.
Muhojirlar Belarusga qanday yetib keladi va bu ularga qanchaga tushadi?
Belarus—Litva chegarasida qo‘lga olinayotgan muhojirlarning aksariyati kurd millatiga mansub Iroq fuqarolaridir. Ular Belarusga odatda samolyotda, sayyoh sifatida yetib keladi (yuk mashina (fura)larda keladiganlar ham bor). Bag‘dod va Minsk o‘rtasidagi aviaqatnovlar 2017-yilda ochilgan. 2021-yil mayida reyslar soni haftasiga ikkitadan to‘rttagacha oshdi. Belarusga nafaqat Iraqi Airways, balki Fly Baghdad ham parvoz qila boshladi (har reysda 200 dan 300 nafargacha odam tashish mumkin).Iroqlik Amin (ismi o‘zgartirilgan) ismli yigitning so‘zlariga ko‘ra, Lukashenkoning Yevropaga kirmoqchi bo‘lgan qochqinlarga Belarus ortiq to‘sqinlik qilmasligi haqidagi gaplari Iroq televideniyesi orqali bir necha kun ketma-ket ko‘rsatilgan. Iroqning migratsiya mavzusini kuzatib boradigan boshqa OAVlari ham Belarus haqida ko‘proq gapira boshlagan. Bundan tashqari, migratsiyaga bag‘ishlangan yopiq guruhlarda Belarusdan Litvaga o‘tib olish imkoni haqida xabarlar tarqalgan.
Amin iroqlikarning Minsk olib borayotgan tashqi siyosatdagi o‘zgarishni bunchalik tez qanday payqaganini izohlarkan, buni aksariyat Iroq fuqarolari mamlakatni tark etishni orzu qilishi bilan bog‘liqligini ta’kidlaydi. Shu bois ular imkoniyatdan foydalanib qolishga shoshilib, Belarusga sayohat yo‘llanmalarini sotib olgan.
15min nashrining yozishicha, hozir Iroqda Yevropa Ittifoqiga Belarus orqali kirish eng tezkor va xavfsiz deb hisoblanmoqda. Kontrabandachilar Belarus—Litva chegarasidan o‘tkazib qo‘yish uchun 5 mingdan 15 ming dollargacha pul so‘ramoqda (shu bilan birga, 85 ming dollarlik takliflar ham bor). Taqqoslash uchun: Egey dengizi orqali Yevropaga noqonuniy kirish 8—9 ming yevro turadi, Bolqondagi quruqlik chegaralari orqali kirish 8 ming yevro, O‘rtayer dengizi orqali o‘tish 3—5 ming yevrogacha baholanadi.
Kontrabandachilarning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi “paketli sayohat yo‘llanmalari” Belarus sayyohlik vizasini rasmiylashtirish, Iroqdan Belarusgacha parvoz, Minskdagi mehmonxonada bir necha kun yashash va hatto ekskursiyalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Belarus—Litva chegarasigacha yetkazish, so‘ngra Litvadan Germaniyagacha — muhojirlarning ko‘pchiligi aynan shu davlatga borib tushishni orzu qiladi — bo‘lgan safar ham shu summa ichida. Jurnalistlarning aniqlashicha, Belarusda nolegallarni odatda mahalliy aholi, Litva va boshqa Yevropa davlatlarida esa litvaliklar, shuningdek, ko‘pdan beri Yevroittifoqda yashab kelayotgan Ukraina, Gruziya, Tojikiston va boshqa davlat fuqarolari olib yuradi.
Ba’zilar o‘zi mustaqil Belarus—Litva chegarasini kesib o‘tib, Yevropaga kirib olishga qaror qiladi. Bu nisbatan mashaqqatli va xavfliroq bo‘lsa-da, arzonga tushadi.
Iroqdan Belarusga oddiy sayohat, “Reform.by” ma’lumotlariga ko‘ra, 500-1500 dollar turadi (nashrning qayd etishicha, bunday sayohat yo‘llanmalari so‘nggi oylarda sezilarli darajada arzonlashgan, ularga bo‘lgan talab esa oshgan).
“Qizig‘i shundaki, Belarus Iroq fuqarolari uchun 15 kunlik vizani avtomatik tarzda taqdim etilishini nazarda tutuvchi viza tartibi yengilliklarini joriy etganiga bor-yo‘g‘i uch-to‘rt oy bo‘ldi”, — deydi LRT’ning surishtiruv byurosi rahbari Indre Makaraytite.
Ushbu sayohat yo‘llanmasi aviachipta, viza, sug‘urta va mehmonxonada yashash xarajatlarini o‘z ichiga oladi. Minskka yetib kelgan chet elliklar bir muddat mehmonxonada yashab, Litva chegarasigacha yetib olish yo‘llarini qidiradi.
Kimdir taksida yetib olsa (100—300 dollar), boshqalar avtobusni tanlaydi (10—25 dollar). So‘ngra ular — odatda kichik guruhlarga bo‘linib — sim-to‘siq ustidan oshib tushish orqali chegarani kesib o‘tadi. O‘tish joylarini ular yo o‘zlari izlab topadi, yoki yo‘l ko‘rsatuvchi yordam beradi (200—2000 dollar).
Litvaga kirib olgach, muhojirlar Germaniyaga yetib olish yo‘lini qidiradi. Tashuvchilar ularni chegaraning o‘zidan ham olib ketishi mumkin, lekin bunaqasi kamdan-kam sodir bo‘ladi — muhojirlar odatda chegara yaqinidagi shaharlarga yoki Vilnyusgacha piyoda kelib, so‘ng shu yerdan yo‘lga chiqadi. Yetkazib qo‘yish narxi bir kishi uchun 500—1500 dollar atrofida turadi. Ammo ba’zilar Vilnyusdan Berlingacha chiptasi 60—70 dollar bo‘lgan oddiy avtobus qatnovi bilan yetib olishga harakat qiladi.
Telegram va YouTube’da Belarusdan Litvaga qanday o‘tish to‘g‘risida maslahatlar beruvchi kanallar bor (ulardagi ba’zi videolar 10 ming martalab ko‘rilgan). Bunda, masalan, yo‘l boshlovchilarning aloqa ma’lumotlari va chegarani kesib o‘tish uchun qulay bo‘lgan joylar to‘g‘risida ma’lumotlar berib boriladi, qanday kiyinish (ozoda va batartib) va o‘zi bilan nimalar olish kerakligi (imkon qadar kamroq narsa) haqida tavsiyalar beriladi. Ayrim guruhlarda qalbaki hujjatlar, jumladan, Litva pasportini tayyorlab berish taklifi ham bor. Bu xizmat haqi — 2400 dollar.
“Reform.by” Yevropaga qanday yetib olinishi haqidagi yo‘riqnomani tarjima qilgan. Nashrning qayd etishicha, ushbu yo‘riqnoma Facebook’dagi guruhlarning birida e’lon qilingan. Uning taxminiy mazmuni quyidagicha:
- Bag‘doddan Belarusga uchasan;
- Minskda birinchi kun dam olasan, ikkinchi kun esa Litva bilan chegaraga eng yaqin nuqtaga borasan;
- O‘rmonda chegarani kesib o‘tgach, Vilnyusgacha yetib olish uchun pul to‘la. U yerda dam ovolishing mumkin, lekin politsiyadan uzoqroq bo‘l;
- Maxsus mashinada Polshaga borasan. Xizmat haqini chegaradan o‘tkazishgandan keyingina to‘lagin;
- Yashash guvohnomasini olging kelayotgan mamlakatni tanla;
- Ijtimoiy tarmoqlardagi arabcha guruhlarga qo‘shil. Kerakli joyga eltib qo‘yishi mumkin bo‘lgan uzoq yo‘lga qatnovchi yuk mashina haydovchilarini qidirib top;
- Qaysi mamlakatda yashashni xohlayotganing haqida ko‘p gapirma, politsiyaning ko‘zidan uzoqroq bo‘l, oddiy va tartibli kiyin, o‘zingni kamtarona tut;
- Kerakli mamlakatga yetib olgach, o‘sha yerdagi davlat organlariga murojaat qil. Qochqin ekaningni ayt. Seni rasmiylashtirishadi. U yerda yashab qolishni xohlasang, kerakli hujjatlarni tayyorlashga kirish.
Belarus vataniga qaytmagan Iroq fuqarolari uchun pul olmoqda
“Mediazona Belarus” va LRT’ning qo‘shma surishtiruvida ta’kidlanishicha, Iroqdagi sayohat agentliklari mijozlardan ortga qaytish kafolati sifatida 3 ming dollardan garov puli oladi. Agar ketgan odam qaytmasa, agentlik garov pulini “jarima” sifatida Belarusga to‘laydi.“Reform.by” ham bu ma’lumotni qisman tasdiqlagan. Muhojirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda ochilgan guruhlardan birining ma’muri hisoblangan iroqlik Zamirning aytishicha, ayrim sayohat agentliklari (lekin hammasi emas) haqiqatan ham kafolat puli so‘raydi, lekin uning miqdori bir-biridan farq qilishi — 3 ming dollar ham, 1400 dollar ham bo‘lishi mumkin. Zamirning so‘zlariga ko‘ra, ba’zan sayyoh kafolat pulini sayohat yo‘llanmasini sotib olayotgan paytda o‘zi to‘laydi, ayrim hollarda esa, agar sayyoh vatanga qaytmasa, uning oilasidan undirib olinadi.
LRT surishtiruv byurosi rahbari Indre Makaraytitening aytishicha, Belarus ortga qaytmagan sayyoh atalgan pulni Bag‘doddagi o‘z konsulligi orqali qabul qilib oladi. “Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, Litvada hozir 900 nafarga yaqin noqonuniy muhojir bo‘lsa, demak, Belarusdagi tuzum ushbu sxema orqali eng kamida 2 million yevro egasiga aylangan”, — deydi u.
Belarus chegarachilari noqonuniy muhojirlarni ko‘rmaganlikka olmoqda
“Reform.by” nashri belaruslik ikki chegarachi bilan yashirin tarzda suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning ikkisi ham Litvaga yetib olish niyatidagi noqonuniy muhojirlarga e’tibor bermaslik haqida norasmiy buyruq berilganini ma’lum qilgan.Nashr manbalaridan birining so‘zlariga ko‘ra, ilgari chegarachilar bunday odamlarni ushlagani mukofotlanardi, hozir esa mukofot yo‘q. Bundan tashqari, avvallari noqonuniy muhojirlarga qattiqqo‘lroq munosabatda bo‘linardi: ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, deportatsiya qilinguniga qadar ma’muriy qamoqda saqlanardi. Endi bo‘lsa ular shunchaki o‘tkazib yuborilyapti. “Reform.by” suhbatdoshi bu holat chegarachilarga yoqmayotganini tasdiqladi.
Yaqin vaqtdan beri rahbariyat chegarachilardan chegara ko‘rigini ma’lum bir tarzda rejalashtirishni talab qilmoqda. Ya’ni, shu tarzdaki, noqonuniy muhojirlarning chegaradan o‘tib ketishiga imkon beradigan o‘ziga xos ochiq vaqtlar bo‘lsin. Rahbariyatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma yo‘q, ammo boshliqqa, masalan, chegara hududidagi o‘ng qanot ochiq qolgani haqida aytsang, u hechqisi yo‘q, deb javob beradi va biror chora ko‘rmaydi... Kontrabanda va noqonuniy migratsiya yo‘lga qo‘yilgani ko‘rinib turibdi... Bu ishlar oqibatida ko‘p kadrlar ishdan ketyapti, ko‘pchilik shartnomasini uzaytirmayapti.“Reform.by”ning boshqa manbasi hamkasbining so‘zlarini tasdiqlagan.
Rahbariyatdan noqonuniy muhojirlarga e’tibor bermaslik, ular o‘zini butkul surbetlarcha tutib, naq nazorat-o‘tkazish postining o‘zidan o‘tishga harakat qilsagina ushlash haqida og‘zaki buyruq bo‘lgan. Oddiy chegarachilarga, albatta, bu holat yoqmaydi va ular haligacha qoidabuzarlarni ushlashga harakat qilmoqda... Darvoqe, hozir chegarini qo‘riqlash va patrul qilish ishlariga chegarachilar o‘rniga chegara qo‘shinlarining maxsus jangchilari qo‘yilmoqda va, katta ehtimol bilan, endi maxsus jangchilarning o‘zi muhojirlarga qayerga borish kerakligini ko‘rsatib berayotgan bo‘lishi mumkin.15min nashri muhojirlarning so‘zlariga tayanib yozishicha, Polsha bilan chegarada vaziyat butkul boshqacha — u yerda Belarus chegarachilari nolegallarni avvalgidek qo‘lga olishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, nashrning qayd etishicha, avvallari KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) iroqlik sayyohlarning Belarusga kelib-ketishini nazorat qilib turardi. Maxsus xizmat ularning ro‘yxatini olib, harakatlarini kuzatib borardi. Nashr manbasining aytishicha, hozir bunday amaliyot yo‘q.
Shu bilan birga, Belarusdagi ayrim sayohat agentliklari (xususan, “SentrKurort” davlat agentligi) Iroqdan kelganlarning pasportini olib qo‘yadi. Lekin bu chora qochishga deyarli to‘siq bo‘lolmaydi: ba’zi muhojirlar hujjatsiz boshpana olish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi deb hisoblab, chegarani kesib o‘tishdan avval pasportini atayin yirtib tashlaydi.
Belarus rasmiylari noqonuniy muhojirlarning Litvaga o‘tishiga eng kamida xalal bermayotganini tasdiqlovchi guvohliklarga qaramay, “Reform.by” “Belarusdagi biror bir shaxs tomonidan noqonuniy migratsiya oqimlarini tashkil etishning ko‘zga ko‘rinarli izlari”ni topa olmaganini ma’lum qilgan.
Nashr ushbu xulosaga dalil sifatida Litvaga mustaqil ravishda kirish uchun do‘stlari bilan birga Iroqdan Belarusga kelgan Amin ismli yigit bilan bo‘lgan suhbatni keltirgan. Amin Minskdaligi vaqtida “Reform.by” jurnalistiga shahar avtobuslarining harakat jadvali tushirilgan tablo suratini yuborib: “Bulardan qaysi biri chegaragacha boradi?”, — deb yordam so‘ragan.
Litva muhojirlarga nisbatan qoidalarni kuchaytirmoqda
Litva rasmiylari iyul oxirida noqonuniy muhojirlarning huquqlarini cheklovchi qonun qabul qildi. Qonun boshpana taqdim etish haqidagi so‘rovlarni ko‘rib chiqish muddatini qisqartiradi va ariza beruvchilarni birinchi instansiya sudi qarori ustidan shikoyat qilish huquqidan mahrum qiladi.Huquq himoyachilarining ma’lum qilishicha, mazkur qonun inson huquqlariga zid. Litva prezidenti Gitanas Nauseda ham bu fikrni tasdiqlab, uning fikricha, qonun “ilma-teshik” ekanini ta’kidladi.
“Ammo hozir noqonuniy migratsiyaga qarshi ilma-teshik siyosat olib borish yanada xavfliroqdir. Ayni damda Litvaning Belarus bilan chegarasidagi favqulodda vaziyatni jilovlashni ko‘zda tutuvchi biror bir tartibga solish vositalariga ega bo‘lmagandan ko‘ra shunday qonunli bo‘lish yaxshiroq”, — dedi prezident va Litva Seymi (parlamenti)dan qonunning kamchiliklarini yaqin vaqt ichida tuzatib chiqishni so‘radi.
Gap shundaki, Litva o‘z hududi orqali Yevropa Ittifoqiga kirgan va boshpana so‘ragan noqonuniy muhojirlarga o‘z hududidan joy berishga majbur. Bundan tashqari, mamlakat rasmiylari muhojirlarni uy-joy va yegulik bilan ta’minlashi kerak.
Boshpana rad etilgan taqdirda, Litva muhojirlarni ular qayerdan kelgan bo‘lsa, o‘sha mamlakatga deportatsiya qilishi lozim. Yaqin Sharq va Afrika davlatlariga deportatsiya qilish esa uzoq va murakkab jarayon, deya tushuntiradi LRT’ning surishtiruvlar byurosi rahbari Indre Makaraytite.
Buning oqibatida Litvada Belarus bilan chegarani kesib o‘tgach qo‘lga olingan muhojirlarga joy yetishmayapti. Ular bo‘sh turgan dam olish uylariga, turbazalarga va maktablarga joylashtirilmoqda.
Shuningdek, noqonuniy muhojirlar uchun chodirli shaharchalar tiklana boshlagan. Litva rasmiylarining ma’lum qilishicha, Pabrade shahridagi chodirlar lageridan allaqachon muhojirlar qochib ketgan. Ignalina shahridagi muhojirlarni joylashtirish markazida nolegallar va ma’muriyat o‘rtasida nizo kelib chiqqan (Ignalina merining aytishicha, muhojirlar yegulikdan bosh tortib, mobil telefonlari qaytarib berilishini talab qilgan). Devyanishkesda esa mahalliy aholi shahardagi binolardan biriga noqonuniy muhojirlarning joylashtirilishiga qarshi namoyish o‘tkazgan.
Muhojirlarning o‘zi esa erkinliklari cheklangani, yashash sharoitining yomonligi va joylashtirilgan joylarida tibbiy yordam yetarli darajada ko‘rsatilmayotganidan shikoyat qilmoqda. “Bu binoda ushlab turilganlarning bari psixologik jihatdan aziyat chekmoqda”, — deydi iroqlik Rian “Mediazona” muxbiri bilan suhbatda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlar orasida o‘z joniga qasd qilishga urinish holatlari yuz bergan (“Reform.by” ham shunday urinishlar haqida yozgan). Yana bir iroqlik — Ilyos shunday qo‘shimcha qiladi: “Men qamoqni eslatuvchi Iroqda yashamaslik bir marta qochib bo‘lgandim, bu yerda esa — yana o‘sha qamoqning o‘zi”.
Izoh (0)