Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov koronavirusga qarshi vaksina bilan emlandi, deya xabar qilmoqda viloyat hokimligi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Qayd etilishicha, 2021-yilning iyul oyi boshida koronavirusni boshdan kechirgan viloyat hokimi sog‘lig‘i tiklanishi uchun shifokorlar tavsiyasi bilan muolaja oldi.

2-avgust kuni esa qayta tibbiy ko‘rik o‘tkazilib, unda emlanishga to‘sqinlik qiluvchi omil aniqlanmagan. Vaksina qabul qilgan viloyat rahbari barcha o‘zbekistonliklarni o‘zi va yaqinlari salomatligiga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

“Hurmatli hamyurtlar, Toshkent viloyati aholisi, men koronavirusga qarshi vaksinaning 1-bosqichi bilan emlandim. Sizlarga ham tavsiya qilaman. Bu nafaqat o‘z sog‘lig‘ingizni o‘ylagan holda, balki yon-atrofingizdagilarni ham salomatligi uchun vaksina olishni barchaga tavsiya qilaman”, – deydi viloyat hokimi.

Bundan avval Senat raisi Tanzila Norboyeva, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari — Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev emlangandi.